Kundalik

Va nihoyat Leonardo Di Kaprio “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Kun.uz” esa o‘z blogini ishga tushirdi. Xush kelibsiz :)

Foto: https://www.behance.net/hikuu

Di Kaprioning “Oskar” olishi va “Kun.uz”ning blog ochishi orasidagi yagona o‘xshashlik bu — ikkalasi ham uzoq kutilganligida.

Ancha oldin paydo bo‘lgan bu g‘oyani ishga tushirish bahorning ilk kunlariga to‘g‘ri kelgan ekan. Xursandmiz. Yangi fasl — yangi kun.

Bu yerda “Kun.uz” nashri va uning ijodiy jamoasi, erishgan yutuqlarimiz, qilayotgan ishlarimiz, hatto tushirgan qovunlarimiz haqida yozib boramiz.

Butun dunyoda bo‘layotgan so‘nggi yangiliklarni “Kun.uz” saytida o‘qishingiz mumkin. “Kun.uz” haqidagi yangiliklarni esa shu yerda o‘qiysiz ;)

Hozircha esa, fevralda qayd etgan natijalarimizni bo‘lishmoqchimiz.

Reklama bo‘limi: https://kun.uz/info/view/alias/reklama

O‘tgan oyda saytimizga 600 ming nafar kishi 5,7 million marta tashrif buyurdi va 23 million sahifani ko‘zdan kechirdi.

Saytimizga kirgan har bir o‘quvchi o‘rtacha 5 daqiqa-yu, 30 soniyasini yangiliklar o‘qishga sarflaydi.

O‘quvchilarimizning 54 foizi erkaklar, 46 foizi esa ayollar. Ularning 34 foizi 25—34 yosh, 28 foizi 18—24 yosh bo‘lsa, 35—44 yoshlilar 16 foizni tashkil etadi.

Facebook, Twitter, Odnoklassniki, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar, Telegram messenjeri va YouTube’da bizni kuzatayotganlar soni 200 000 nafarga yaqinlashib qoldi.

Bu shunchaki raqamlar emas, tirik insonlar ekanligi va ular har kun butun dunyoda qanday voqea-hodisalar yuz berayotganini “Kun.uz” yangiliklarida muntazam o‘qib borishi haqida ko‘p ta’kidlaganmiz.

Bizni o‘qiyotganingizdan minnatdormiz!