Tushungan insonlar va ushalgan orzular haqida

Abror
Abror
Aug 25, 2017 · 2 min read

Hay, yozganim bo‘lsin.

Xullas, do‘stim, buyuk nemis faylasufi – Nitshe o‘zining mukammal va murakkab falsafiy fikrlariga to‘la ilk kitobini chop ettirgan yoshiga yetib mening aqlim anglay olgani shuki, insonga hayotida hammaslaklar, istaklari mushtaraklar uchrashi juda ham kerak. Kerak juda ham.

Fikrlar va orzularing hurmat qilinishiga amin bo‘lgan holda ular bilan o‘rtoqlashishing juda ham muhim. Muhim juda ham.

Shunday inson(lar)ing bo‘lmasa, ayt, masalan, senga mutlaqo dahldor bo‘lmagan tumanli o‘lkaning qip-qizil “iblislari”ga bo‘lgan cheksiz muhabbating haqida kimga so‘zlaysan. Qanday tushuntirasan?

Muxlisliging ho-o-o-v o‘sha yangiliklar gazetalardan o‘qiladigan, oliygohga kirish uchun “axborotnoma”dagi savol-javoblarni yodlab olishning o‘zigina kifoya bo‘lgan, Toshkent ko‘chalarida trolleybuslar qatnagan, magnitofonlarda “Bo‘m-bo‘sh ko‘chalar” baqirtiriladigan davrlarda paydo bo‘lgani-yu, zarracha so‘nmagani to‘g‘risida kim bilan suhbatlashasan? Qanday so‘zlaysan?

“Kamp Nou”dagi drama, buyuk Ferguson, xarizmarik Roy Kin, betakror Bekhem, daho Skoulz, 9-19 tandemi, Stam – Blan “devori”, daxshatli zahira quroli – Ole va hokazo sabablar, sababchilar bilan muxlis bo‘lib qolganing jamoani bir bora bo‘lsa ham jonli ko‘rish orzuingni kim tushungan bo‘lardi, kimga “yorilarding”? Bepisand munosabat, g‘alati nigohlaru, qotgan ensalardan qochib, indamay qo‘ya qolgan bo‘lmasmiding?

Hali old tomoniga “Sharp” deb yozilgan qizil futbolkada mahalla bolalari bilan “do‘mga-do‘m” futbol o‘ynab yurgan vaqtlaringda paydo bo‘lgan bu orzu amalga oshgan unutilmas kun tafsilotlarini “portal”ga yozarmiding yoki?

Orzu ro‘yobga chiqqan onning sening tug’ilgan kuningga to‘g‘ri kelgani, raqib – futbol tarixidagi eng buyuk jamoalardan biri – “Barselona” bo‘lgani, o‘yinni ko‘rish uchun Vashingtonga qilgan sayohating, aeroportdan boshlab katta o‘yin muhitini yaratgan har ikki jamoa liboslaridagi muxlislar, shaharning qizil – ko‘k-anorrang “forma”lilar bilan to‘lgani, muhitni to‘laqonli his etish uchun “Fedex field” stadiouniga metroda ketganing, futbolni “sokker” ataydigan yurt poytaxti metrosida bo‘lajak o‘yin haqidagi suhbatlarga quloq tutganing, metrodan stadiongacha birinchi marta ko‘rib turganing “o‘zingnikilar” bilan jamong haqida qo‘shiqlarni birga kuylab ketganing, stadionning yuqori qavatiga chipta olib, qanday qilib qo‘l berib futbolchilar bilan ko‘rishsa bo‘ladigan birinchi qatorda paydo bo‘lganing to‘g‘isida so‘zlasang kim senga qo‘shilib bu onlarni his qilgan bo‘lardi?

Maydondagi ikki jamoa uchun shunchaki mavsumoldi turniring navbatdagi o‘rtoqlik maqomidagi o‘yini bo‘lgan bu uchrashuv sen uchun katta voqelik bo‘lgani, jamoaning o’tmishdagi futbolchilari bilan qo‘l berib ko‘risha olganing haqida, o‘yindagi har bir vaziyat xotirangga saqlanib qolgani haqida kimga so‘zlab bera olarding?

Yaxshiyam borsan, deyman, ey meni o‘qigan va tushungan inson!

Yaxshiyam u bor.

Borliginglar muhim juda. Juda muhim.

)

    Abror

    Written by

    Abror

    Uzbek in USA. Dad. Blogger. Columnist. Author of t.me/Floridiston