Matematiklarimiz qalloblik qilishdimi?

Butun dunyo futbol chempionati natijalarini muhokama qilayotgan bir paytda O‘zbekiston matematika olimpiadachilari orasida yurtimizning bu yilgi Xalqaro matematika olimpiadasidagi (International Mathematical Olympiad, IMO) ishtiroki keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Gap shundaki, shu yilning 3–14 iyul kunlari Ruminiya davlatining Kluj-Napoka shahrida o‘tkazilgan dunyoning eng nufuzli sanalgan fan olimpiadasida O‘zbekiston jamoasidan 3 ta o‘quvchi qalloblikda gumonlanib, olimpiadadan chetlashtirilgan. Wikipediaga ko‘ra, hozirgacha bunday vaziyat faqat ikki marta, 1991 va 2010-yillarda Shimoliy Koreya jamoasi bilan sodir bo‘lgan.

2018-yilgi Xalqaro matematika olimpiadasidan.

Voqea tafsilotlaridan avval, olimpiadaning o‘tkazilish tartibi bilan qisqacha tanishib chiqsak.

IMO 1959-yildan buyon (1980-yildan tashqari) har yili o‘tkazilib kelinadi va bu o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan barcha matematika olimpiadalari ichida eng obro‘lisi. Olimpiada ishtirokchilariga 6 ta masala berilib, har bir masala 7 balgacha baholanadi. Har bir davlatdan 6 tagacha o‘quvchi qatnashishi mumkin va ular ketma-ket 2 kunda 3 tadan masala yechishadi. Har bir kun uchun 4,5 soat vaqt ajratilgan. Har kungi 3 ta masaladan birinchisi nisbatan osonroq, 2-si o‘rtacha va oxirgisi eng qiyin masala bo‘ladi.

Masalalarni tanlab olish ham o‘ziga xos. Yil davomida barcha matematiklar o‘z masalasini IMO kengashiga taklif qiladi. Yig‘ilgan barcha masalalar ro‘yxatidan (longlist) kengash tomonidan algebra, geometriya, sonlar nazariyasi, kombinatorika kabi matematikaning turli sohalariga oid 30 tacha eng munosiblari tanlab olinadi (shortlist). Olimpiada boshlanishidan 1 haftacha avval har bir davlatning jamoa yetakchilari (team leader) va jamoa kuzatuvchilari (observer A) olimpiada o‘tadigan davlatga yetib kelishadi va so‘nggi 6 ta masalani tanlashda va shartini o‘z tiliga o‘girishda qatnashishadi. Bunda ularga masala sharti va uning namunaviy yechimi taqdim qilinadi. Har bir masala ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi. IMO nizomiga ko‘ra, ushbu bosqichda qatnashganlar o‘z jamoasi bilan olimpiada tugamaguncha uchrashishi yoki har qanday tarzda ma’lumot almashishi qat’iyan taqiqlangan.

Taqdirlash esa quyidagicha: qatnashchilardan teng yarmiga medal topshiriladi, shundan yarmi bronza medalini, qolgan qismining uchdan ikkisi kumush medalini, va eng yuqori bal olgan oxirgi qism oltin medalini qo‘lga kiritadi. Masalan, olimpiadaga hammasi bo‘lib 600 ta o‘quvchi qatnashsa, 150 ta bronza, 100 ta kumush va 50 ta oltin medali topshiriladi. Albatta, ikki xil medal uchun bal chegarasi atrofida bir xil bal olganlar ko‘payib ketsa, medallar taqsimoti sal o‘zgarishi mumkin. Medal olmaganlardan bitta masalani to‘liq yechganlarga faxriy yorliq topshiriladi.

Olimpiadada masalalarni yechish jarayoni, Ruminiya, 2018.

O‘zbekiston ushbu olimpiadaga 1997-yildan buyon ayrim yillarda uzilishlar bilan qatnashib kelmoqda. Keling, yurtimiz matematiklarining ushbu yillardagi ko‘rsatkichini tahlil qilaylik. Olimpiadaga qatnashuvchi davlatlar soni 100 dan oshiq bo‘lgani uchun faqat Markaziy Osiyo davlatlari bilan kifoyalanishni ma’qul ko‘rdik.

Markaziy Osiyo davlatlarnining IMO’da umumjamoa hisobida olgan ballari bo‘yicha o‘rinlari (yuqori o‘rinni olganlar yuqoriroqda, past o‘rinni olganlar esa quyiroqda).

Ko‘rib turganingizdek, bizning terma jamoamiz 1997-yildan 2008-yilgacha (2003-yildan tashqari) Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallab kelgan. 2011-yildan boshlab esa 4–5 o‘rinlarga tushib ketgan. Ayniqsa, oxirgi uch yil ichidagi umumjamoa hisobida o‘rtacha 110 davlat orasidan 77, 74, 86-o‘rinlarni egallab kelmoqdamiz.

Endi shu yilgi vaziyatga qaytsak. Rasmiy natijalar chiqishidan avvalroq tablodagi umumiy natijalar rasmga olinib, internetda tarqaldi. Unga ko‘ra, bizda kamida 2 ta kumush medali bo‘lishi kerak edi.

IMO 2018'dagi norasmiy natijalarimiz.

Sal o‘tmay, rasmiy natijalar IMO saytiga joylashtirildi. Unda esa butunlay boshqa vaziyat — faqat 2 ta faxriy yorliq bilan chegaralanganmiz va 6 tadan 3 ta o‘quvchi umuman ko‘rsatilmaganini ko‘rishimiz mumkin:

IMO 2018'dagi rasmiy natijalarimiz.

IMO prezidenti Jof Smit (Geoff Smith) o‘z bayonotida bu yilgi olimpiadada jamoamiz bilan aynan nima bo‘lgani haqida to‘xtalib, xususan, shunday deydi:

Tarjimasi:

… IMO 2018’da masala kapitani qiyin masalani bitta davlatdan (O‘zbekiston) bo‘lgan uchta qatnashchi bir-biriga judayam o‘xshash yo‘l bilan yechganligi va bunda ehtimoliy qonun buzilishi bo‘lganligi haqida xabar berdi. Axloq (etika) qo‘mitasi vakillari va IMO kengashidan saylangan a’zolar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilib hamda shu davlat terma jamoasi yetakchisi bilan (tarjimon orqali) muhokamalar olib borilib, IMO hakamlar hay’atiga tavsiya berildi. Hay’at muammodan kelib chiqib, o‘quvchilar yechimlarini va aloqador hisob-kitoblarini o‘rganib chiqdi. Jamoa yetakchisi yechimdagi o‘xshashliklarni (chizmalar, metodlar, trigonometriya va masalaning yechilish tartibi) o‘quvchilar bitta maktabda o‘qiganligi va bitta o‘qituvchidan dars olganligi bilan izohladi.
Hay’at bunga ishonmadi va ko‘pchilik ovoz bilan uchchala yechim ham noqonuniy manbaga tayanadi deb topdi. Jamoaning boshqa qatnashchilari va yetakchilari tomonidan qonun buzilishiga aloqadorlik bo‘yicha hech qanday dalil bo‘lmagani uchun ularga nisbatan chora ko‘rilmadi. IMO 2018’dan ushbu qatnashchilarni chetlashtirishga qaror qilindi, va ular IMO 2018’da umuman qatnashmagan deb topilganligiga asoslangan holda oxirgi natijalar tahlil qilindi va medallar taqsimlandi…

Asli:

… At IMO 2018, a Problem Captain reported a possible irregularity concerning three students from the same country having extremely similar solutions to a hard problem. Following an investigation by members of the Ethics Committee and elected members of the IMO Board, and discussion with leaders of the team (who had a translator provided) a recommendation was made to the IMO Jury. The Jury considered the issue, and studied both the students’ scripts and the associated rough work. The relevant team leader proposed the theory that similarity of solutions (diagrams, methods, trigonometry, lay out on the page) could be because the students attended the same school and had the same teacher.
The Jury was not persuaded, and voted by a large margin that the three scripts had a common irregular source. Since there was no evidence presented of irregular conduct by the other three team members, nor by any of the leaders of the team, no sanctions were taken against them. It was decided to disqualify the three student from IMO 2018, and the final analysis of the results data to decide medal cuts was made on the basis that these three students had never attended the event…

Hozircha O‘zbekiston jamoasi yetakchisi Shuxrat Ismoilov yoki boshqa qatnashchilar tomonidan ushbu holat yuzasidan hech qanday rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

Mualliflar:

  1. Bahriddin Abdiyev — IMO 2007’da bronza medali sohibi.
  2. O‘tkir Boltayev — IMO 2006’da bronza, IMO 2007‘da kumush, IZHO 2006 va 2007-yillarda kumush medallari sohibi.
  3. Hakimboy Egamberganov —IZHO 2014’da oltin, IMC 2015 va 2017’da oltin medallari sohibi.
  4. Shohruh Ibragimov — BMO 2014’da kumush, IMC 2017’da oltin medallari sohibi.
  5. Javlon Isomurodov — IMO 2011’da bronza, IMC 2014’da kumush medallari sohibi.
  6. Sardor G‘afforov — IMO 2011’da faxriy yorliq va 2012-yil Respublika olimpiadasida birinchi o‘rin sohibi.
  7. Abror Pirnapasov — IMO 2009’da bronza medali va O‘zbekiston “Shuhrat” medali sohibi.

Izoh:

  • IZHO — Xalqaro Jautikov olimpiadasi
  • BMO — Bolqon Mamlakatlari o‘rtasidagi xalqaro olimpiada
  • IMC — talabalar o‘rtasidagi Xalqaro Matematika Olimpiadasi
  • SEEMOUS — shimoli sharqiy mamlakatlar universitet talabari o‘rtasidagi xalqaro matematika olimpiadasi