Bepul ta’lim: afsona yoki haqiqat?

Khan Academy Oʻzbek Blog
Nov 6 · 4 min read

“O‘qishga xohish bo‘lsa-yu, pul bo‘lmasa, nima qilish kerak?”

Muallif: Mariya

Internet sahifalari vebinar, onlayn kurs va treninglar bilan to‘lib yotgan bir paytda, men sizlarga ular orasida bepul ta’lim beruvchilari ham bor yoki yo‘qligi haqida so‘zlab bermoqchiman.

O‘qishga xohish bo‘lsa-yu, pul bo‘lmasa, nima qilish kerak?

Ushbu maqolada bepul ta’lim olish mumkin bo‘lgan eng yaxshi to‘rtta onlayn xizmat haqida so‘z yuritamiz.

Qani, ketdik!

  1. Открытое образование
vc.ru

Men, onlayn kurslar ovchisi, o‘z nishonimni topdim. Mening har bir tongim ushbu onlayn xizmat sahifasida o‘tirib, titrab-qaqshab yangi kurslarga yozilish bilan o‘tadi.

Bu loyihada kishini o‘ziga nima jalb qiladi? Javobim: hamma narsa! Открытое образование — bu shunday loyihaki, unda Rossiyaning barcha eng nufuzli universitetlari o‘zlarining eng yaxshi kurslarini e’lon qiladilar. Aniqroq qilib aytsam, barcha xohlovchilar bemalol foydalanishlarini nazarda tutgan holda universitetdagi darslar mazkur loyiha uchun maxsus suratga olingan. Loyiha kursga yozilish uchun mablag‘ talab qilmaydi va ular butkul bepul taqdim etiladi. Bundan tashqari, bu Rossiyadagi har qanday oliygohda tahsil olib, bo‘sh vaqtida ishlayotgan talabalar uchun ham qoldirilgan darsni o‘zlashtirib olish uchun ayni muddao!

Kursni tamomlagach, siz imtihon topshirib (ko‘pincha onlayn holda), so‘ng o‘rta hisobda 1 800 rubl to‘lab, kursni tamomlaganingiz haqidagi sertifikatni olishingiz mumkin. Har bir dars batafsil tushuntirilgan videomaterial, test va amaliyotdan iborat. Barcha jarayonlar nufuzli oliygohlarda bo‘ladigani kabi kechadi.

Dasturlashtirishdan dizayngacha, shaxs rivojidan odam fiziologiyasigacha… Agar siz, xuddi men kabi, o‘z aqliy salohiyatingizni qondirish uchun nishon qidirayotgan ekansiz, ishonavering, bu loyihani tanlab ayni mo‘ljalga urgan bo‘lasiz!

2. HTML academy

vc.ru

Avvalgi misoldan farqli o‘laroq, bu loyiha yetarlicha chegaralangan, hatto ma’lum auditoriyaga mo‘ljallangan. Sababi, loyiha faqat dasturlashtirish sohasiga, aniqrog‘i, saytlar yaratishga yo‘naltirilgan. Bu yerda siz frontend-yaratuvchi mutaxassisligini egallashingiz mumkin, u yog‘iga esa Google yordamga keladi. :)

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bu ta’lim bozorida taqdim qilinayotgan kurslar ichida men tahsil olganlarimdan eng yaxshisi. Darslarning barchasi ham bepul emas, lekin, ishonavering, taqdim qilinganlari zarur bilim va ko‘nikmalarni olishingiz uchun yetarli.

3. VoiTiViT

vc.ru

To‘g‘risini aytaman, bu loyihaga yaqindagina ro‘para keldim. Hozircha u haqda biror xulosaga kelganim yo‘q.

Loyiha nomining o‘zi e’tiborni tortadi: “Ta’lim hamma uchun bo‘lishi kerak!” Qizig‘i, mualliflar bozorda talabgir bo‘lgan kurslar uchun atigi 990 rubl olishmoqda, ular taqdim etayotgan darslarni qarab chiqsak, bu deyarli “suv — tekin” degani. Masalan, Blender 3D kursi o‘rtacha 3 000 dan 26 000 rublgacha. Taqdim qilinayotgan mashg‘ulotlar sifatini baholay olmayman-u, ammo, aytish joizki, kurs boshqalarniki kabi ikki oyga mo‘ljallangan. Mazkur kurslarga, ta’lim olishga bo‘lgan chanqog‘imni qondirish uchun, albatta joy band qildirib qo‘ydim. Marketing nimalarga qodir-a!

Bu hali yangi loyiha, men uning keyingi faoliyatini kuzatib boraman, hozircha jamoaga ishlarida rivoj va omad tilab qolaman!

4. Stepik

vc.ru

Nihoyat, men oxirida tanishtirish uchun asrab qo‘ygan, fikri ojizimcha, hammaga tanish bo‘lgan onlayn platforma haqida so‘zlash navbati keldi.

Bu onlayn loyihada turli kurslar mavjud. Bu kurslar bozordagi eng talabgir yo‘nalishlardan biri bo‘yicha desam, hech narsa demagan bo‘laman! Davlat imtihonlariga tayyorgarlikda yordamdan tortib, til o‘rganishgacha — keragini tanlab olaverasiz. Albatta, bu yerda pulli kurslar ham bor. Lekin ularga o‘zingizga kerakli bo‘lgan dastlabki ma’lumotlarni topib bo‘lganingizdan keyingina duch kelasiz.

Loyiha yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi va bu yerda nafaqat o‘qish, balki o‘qitish imkoni ham bor. Buning uchun platformaga o‘z darsingizni yuklaysiz va xohlovchilarni o‘qitaverasiz.

Hozircha bu eng yaxshi onlayn platformalar to‘rtligi, xolos. Ta’lim olish tizimida bepul va hamyonbop yana qator yo‘nalish va imkoniyatlar bor! O‘ylaymanki, maqola siz uchun foydali bo‘ldi va hammaga ochiq bolgan bepul ta’lim tizimini yaratish haqidagi orzularimiz bir kun kelib real hayotda amalga oshadi!


Manba: vc.ru


Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering. Rahmat :)

Welcome to a place where words matter. On Medium, smart voices and original ideas take center stage - with no ads in sight. Watch
Follow all the topics you care about, and we’ll deliver the best stories for you to your homepage and inbox. Explore
Get unlimited access to the best stories on Medium — and support writers while you’re at it. Just $5/month. Upgrade