Fikrlash doirangizni kengaytirishga yordam beruvchi 7 ta kitob (1-qism)

Khan Academy Oʻzbek Blog
3 min readJan 28, 2020

--

Boshqalar nima desa ham ma’qullab turaverish faqatgina quyidagi holatda foyda berishi mumkin: …

Muallif: Jiofri Jeyms

Inson miyasi biror-kim egalik qilishi mumkin boʻlgan eng qimmatbaho va tengsiz ne’matdir. Siz oʻz miyangizni yanada yaxshi faoliyat olib borishi uchun turli xil mashqlar bilan chiniqtirib turibsizmi? Uning imkoniyatlaridan-chi, toʻliq foydalanyapsizmi? Quyidagi yettita kitob ushbu maqsadga erishishingizga yaqindan yordam beradi.

1. Curious (Qiziquvchan)

inc.com

Sarlavha: Qiziquvchanlik va uning kelajakka ta’siri

Muallif: Yen Lesli

Kitobning qisqacha mazmuni: Qiziquvchanlikdan fikrlash doirasini kengaytirishda qanday qilib foydalanish mumkinligi haqida.

Kitobdan parcha: “Qiziquvchan oʻquvchilar har qanday mavzuni chuqur oʻrganadilar. Ular moliya yoki dasturiy ta’minot muhandisligi kabi chuqur bilimni talab qiladigan sohalar uchun juda mos keladilar. Bundan tashqari, bu sifatga ega kishilar turli xil sohalarni birlashtirib turuvchi jihatlarni topa olishadi hamda barcha sohalarga foyda keltiradigan gʻoyalarni yarata olishadi. Shu sababli aqlli mashinalar kelajakda ularning oʻrnini bosa olishi qiyin masaladir. Texnologiya jadallik bilan va koʻplab ishchilarning oʻrnini egallayotgan davrda aqlli boʻlishning oʻzi yetmaydi. Kompyuterlar aqlli. Ammo har qanday kompyuter, qanchalik mukammal boʻlsa ham, qiziquvchan va izlanuvchan boʻlolmaydi.”

Qiziqarli fakt: 18 yoshlarda miya oʻsishdan toʻxtaydi. Ammo kishining aqliy faoliyatiga mos ravishda butun hayoti davomida yangi neyronlar hosil qilishni davom ettiradi.

2. Thinking, Fast and Slow (Fikrlash, tez va sekin)

inc.com

Muallif: Daniyel Kehneman

Kitobning qisqacha mazmuni: Sizning hayotdagi muvaffaqiyatingiz miyangizdagi ikkita tizimni qay darajada boshqara olishingizga bogʻliq hisoblanadi. Biri tezkor va sezgir boʻlib hissiyotlarga javobgar, ikkinchisi esa sekin ishlaydi va mulohazakorlik, mantiqiy fikrlash jarayonlariga javobgar boʻlgan tizimdir.

Kitobdan parcha: “Shaxmatdagi keyingi yurishni qilish, aksiyalarga investitsiya kiritish-kiritmaslik yoki boshqa har qanday muammoga duch kelganda ichki sezgi eng muhim qurol hisoblanadi. Agar oʻsha shaxs kerakli tajribaga ega boʻlsa, u vaziyatni toʻgʻri baholab munosib qaror qabul qilishi mumkin. Bu holat shaxmat ustasi bilan ham yuz berishi mumkin: oʻyinda qiyin holatga tushganida birdaniga qator yurishlar uning xayolini egallaydi va bularning bari raqibga nisbatan qattiq zarba berishi mumkin. Xuddi shuningdek har qanday kishi biror qiyin vaziyatga tushsa miya bor imkoniyatga ishga solgan holda savolga javob topishga kirishadi. Savol juda qiyinligi sababli avval topilgan yechim topilmagan paytda, ichki sezgi oʻz ishini qiladi: javob tezda esga tushadi. Lekin aslida esa bu asl savolning javobi emas, ichki sezgining oʻziga xos xususiyatidir: qiyin savolga duch kelganda, oʻzimiz sezmagan holda nisbatan osonrogʻiga javob topamiz.”

Qiziqarli fakt: Inson miyasi bir kunda 20 kvadrillion neyronni faollashtiradi.

3. Think Like a Freak (Xuddi telbadek fikrla)

inc.com

Shior: Telbanomika fani mualliflari miyangizni charxlashni taklif qilishadi.

Mualliflar: Stiven Levit va Stiven Dabner

Kitob haqida qisqacha: Eski muammolarga yangicha yondashish va yechim topish borasida reja va misollar.

Kitobdan parcha: “Barcha kabi boʻlishga keragidan ortiq darajada koʻnikib qolganmiz. Hatto eng muhim masalalar yuzasidan ham doʻstlar, oila va hamkasblarimizning bildirgan munosabatlariga moslashamiz, oʻylab ham oʻtirmay ularni qabul qilamiz. Bir tarafdan shunisi ham yaxshi: yangi doʻst va oila a’zolarini topgandan koʻra ular nima desa, shuni ma’qullab turish anchayin oson ish-ku, axir. Shunga qaramasdan, poda yugurgan tarafga qoʻshilib ketaverish har qanday sarqitlarga qiyinchiliksiz bagʻrimizni ochishimizni, fikrimizni oʻzgartirishimiz juda sekin va qiyin amalga oshishini, biroq shu holatimizdan oʻzimiz qoniqishimizni koʻrsatib beradi.”

Qiziqarli fakt: London iqtisod va siyosat maktabi olib borgan izlanishlarning birida ma’lum boʻlishicha, liberal ateistlarning intellekt koeffitsiyenti (IQ koʻrsatkichlari) dindor konservatorlarnikiga qaraganda bir necha barobarga yuqori ekan.

Ikkinchi qismni shu yerda oʻqing:

Manba: Inc.com

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering. Rahmat :)

--

--

Khan Academy Oʻzbek Blog

Bepul taʼlim – barcha uchun har yerda va hamisha. Foydali maqolalar bilan boʻlishamiz. xanakademiyasi.uz loyihasining rasmiy blog sahifasi.