Ba’zan ba’zi qoidalarni buzib turish yoqadi

Beshinchi sinfga endi o‘tgandik. Yangi fan — adabiyotdan ilk dars boshlandi. O‘qituvchi o‘quvchilardan yozda kim qanday asar o‘qiganini va kim hozir u haqida gapirib berishini so‘radi.

Hech kim indamadi. Men esa to‘rt yil davomida sinf boshi bo‘lgan, bog‘chaga bormasdan o‘qishni bilgan, o‘qishga qiziqqan, shahar kutubxonasini shu yoshda deyarli o‘qib tugatgan, zamonaviy til bilan o‘sha paytning “botanigi” bo‘lgan yigitcha qo‘l ko‘tardim.

“Doskaga chiqdim” va yozda o‘qigan so‘nggi kitobim haqida gapirishni boshladim. U “Avtomat qal’asining siri” deb nomlanardi. Zerikarli edi, rostdan. Biroq kutubxonada men uchun undan boshqa yangi kitob qolmagandi.

O‘qituvchi aytgandek, eng so‘nggi o‘qigan kitobimda zerikarli bo‘lsa-da, yozilgan gaplarni qiyin bo‘lsa-da, eslashga urinib gapirib berishni boshladim. Uzoq gapirgandim, menimcha. Chunki butun sinfning “ichi qizib ketgani” shundoqqina sezilardi.

Darhol, kitobda yozilmagan, hatto muallifi ham xohlamagandek yakunlangan jumlalar bilan qisqagina qilib gaplarimni tugatdim.

O‘shanda birinchi marta yolg‘on gapirayotganimni o‘qituvchi bilib qolishidan, o‘qituvchi dars boshida aytgan qoidalarni buzishdan, besh bahosiz qolishdan ham qo‘rqmadim.

O‘sha kun tushungandimki, ayrim paytlarda, ba’zi insonlar tomonidan tuzilgan qoidalarni, boshqalar uchun mos kelmagan paytda buzish kerak ekan.

Masalan, o‘sha darsda faqat men bo‘lsam ham javob berganim yaxshi, bundan boshqalar ham ruhlanishi, o‘rnak olishi mumkin edi. Lekin, o‘sha zerikarli kitob o‘rniga, mayli, bir necha yil oldin o‘qigan bo‘lsam ham, biror qiziqarli asarni gapirib bersam bo‘lardi. Yomon ko‘rinsam ham, boshqalar zerikmasdi…

Shundan keyin qoidalarni ba’zan buzishni o‘rganib oldim.

Maktabning qizil shahodatnomasiga harakat qilmadim. Chunki qizilmi, yashilmi farqi yo‘q, bor bo‘lsa, bo‘ldi edi. Akademik litsey ham shunday yakunlandi. Universitet ham litseyda o‘zim o‘qigan yo‘nalish — iqtisod bo‘yicha emas, muhandislik bo‘yicha davomlandi.

Bir tomondan Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga kirdim, Moliya institutiga kira olmadim. Ikkinchi tomondan esa o‘sha paytda obro‘li hisoblanadigan iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qib, iqtisodchi bo‘lib, nima ish qilishimni bilmasdim.

Universitetdagi darslar ham nazariy bo‘ldi, men esa ulardan foyda ko‘rmadim. Qoidalarni yana buza boshladim — darslarga umuman bormay qo‘ydim. Ularning o‘rniga esa robototexnikaga qiziqdim. Universitet Texnoparkida stanoklar va amaliyot bilan shug‘ullandim.

Universitetdagi robototexnika markazida dasturlash nega kerakligini, stanok nimaligini, chizmachilik nega zarurligini tushundim. Muhandis uchun kerak bo‘ladigan bilimlarni shu markazda o‘rgandim.

Universitet darslarida o‘tilganlari esa imtihondan so‘ng yoddan chiqib ketdi. Katta qismidan esa foydalanmaymiz ham.

Universitetni yakunlash paytida “Muloqot” saytlar tarmog‘ida ish boshladim. Boshqalar tomonidan yaratilayotgan qoidalarni yana buzdim — universitetni o‘z vaqtida bitirmadim. Bu befoydadek tuyuldi. Va agar universitetni bitirganimda, boshqa yo‘nalishda ishlay olmasdim.

“Muloqot”dalik paytimda ham juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Masalan, o‘sha paytdagi katta orzularimdan biri sayt qilish edi. Hozir buni ozmi, ko‘pmi eplay olaman.

“Muloqot” saytlar tarmog‘iga tegishli, bugungi kunda O‘zbekistonning eng ko‘p o‘quvchisiga ega internet-nashri — “Daryo”da faoliyat olib bordim. Hayolimga ham kelmagan jurnalistika ishlari bilan shug‘ullanib ko‘rdim.

Universitet va uni bitirish paytidagi qoidalarni buzganim, hamma qatori harakat qilmaganim, menimcha, menga foyda berdi. Nimadir o‘ylashga, nimadir yaratishga harakat qila boshladim.

Agar hamma qatori iqtisod yo‘nalishida o‘qiganimda, hozir hayotimdagi eng katta qiziqishlarim — robototexnika va internet marketingiga yo‘liqmasmidim, balki.

Agar hamma qilgan, qoida bo‘lib qolgan — darslarga o‘z vaqtida qatnashganimda, robototexnika bilimlaridan, texnologiyalardagi amaliy faoliyatdan ancha kech bahramand bo‘larmidim.

Menimcha, bexabar o‘tib ketardim ☺

Agar universitet diplomini deb, “Muloqot”da ish boshlamaganimda, internet marketingiga qiziqishimni, nimadir qila olishimni bilmasmidim hech qachon.

Bilmasdim, tochno!

Xullas hamma qilayotgan, men esa o‘zim uchun foydasini ko‘rmagan, lekin qaysidir ma’noda qoida bo‘lib qolgan ishlarni qilmaganim, qilmayotganim uchun afsuslanmayman. Buni eng to‘g‘ri qaror deb ham hisoblamayman.

Shunchaki, bu kabi qoida buzishlar menga yoqadi. Qolipda yashashni istamayman ☺

Endi esa nasib qilsa, kuyov bo‘lganimda, kelin tomondan kuyov uchun qilinadigan, el qatori — o‘ziga xos qoida bo‘lib qolgan “bir nima qoidalar”dan voz kechmoqchiman. O‘zim bilmayman, agar rost bo‘lsa, o‘sha “bir nima qoidalar” haqida mana bu blogpostda yozishgan.

P.S. Iqtisodchilarni, o‘z vaqtida diplom olganlarni, darslarga to‘liq qatnashganlarni ayblamoqchi emasman. Muhimi, hayotingiz o‘zingizga yoqsa, siz hammasini o‘z vaqtida va to‘g‘ri qilgansiz ;)

One clap, two clap, three clap, forty?

By clapping more or less, you can signal to us which stories really stand out.