Kontrast

Javohir Nazarov
7 min readMay 22, 2018

--

Kontrast so‘zini ko‘pchilik dizaynerlar ko‘p eshitishgan va o‘qishgan. Lekin bu haqida kamchilik dizaynerlar to‘liq tushuna olishadi. Bugun dizayn sohasidagi kontrast tushunchasi haqida gaplashamiz.

Kontrast (inglizcha «contrast», ruscha «контраст») – ikki predmet orasidagi keskin farq, degan tushunchani beradi.

E’tibor berish kerakki, aynan keskin farq degan tushunchaga urg‘u berilmoqda. Bu yerda oddiy farq haqida tushunilmaydi.

Misol uchun ranglar kontrastini olsak:

Bu yerda 2 ta rang mavjud. Havorang va to‘qroq havorang. Biz bu ranglar orasidagi farqni sezyapmiz. Ranglarda farq bor, lekin kontrast zaif. Biz kontrast bor yoki yo‘q, deb emas, kontrast kuchli yoki zaif, deb aytamiz. Shunday deyilganda to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki kontrast bu yerda «farq» degan so‘zga ham ishora qiladi. Ushbu rasmda esa farq zaif bo‘lsa-da mavjud.

Mana bu yerda esa:

kuchli kontrast bor. Bunga sabab: solishtirilayotgan qizil rang ko‘k rangdan keskin farq qiladi. Havorang sovuq ranglar oilasiga, qizil rang esa issiq ranglar oilasiga mansub. Bu ikki rang birlashib kuchli kontrastni hosil qildi. Bundan chiqdiki, agarda ikki yoki undan ko‘proq obyektlar orasidagi qarama-qarshilik qanchalik kuchli bo‘lsa, kontrast ham shuncha kuchli bo‘ladi.

Yana bir misol:

Bu yerda qulupnay va qovun orasida yaqqol kontrastlar mavjud.

Birinchi kontrast ranglarda. Qizil va sariq (aslida qulupnay rangi to‘liq qizil va qovunning rangi to‘liq sariq emas, lekin hozircha bu ranglarni shunday deb nomlab turamiz, ranglar ottenkalari haqida batafsil keyinroq gaplashamiz). Agarda qovunning rangi qizg‘ish yoki qizilga yaqin rang bo‘lganda bu yerda kontrast zaif bo‘lgan bo‘lar edi.

Ikkinchi kontrast esa bu ikki obyektning katta-kichik ekanligida. Ikkita predmet bir-birining hajmidan keskin farq qilmoqda. Bu ham kontrastni kuchli ekanini bildiradi. Yuqorida aytganimizdek, kontrastni faqatgina bitta yo‘nalishda ishlatmaymiz. Kontrast deyarli hamma narsada ishlatilishi mumkin, ranglar, hajm, shakl, issiq yoki sovuq va hkz.

Yana bir holat mavjud. Agar qulupnay va qovun hajmlaridagi kontrastni zaiflashtirmoqchi bo‘lsak, biz qulupnayni qovun hajmiday kattalashtirishimizni tushunamiz. Shunday qilib ko‘ramiz:

Endi bizda 2 ta obyekt deyarli bir xil hajmga keldi. Lekin boshqa muammoga duch keldik: hech qachon qovun hajmiday qulupnay hayotda uchramaydi. Endi miyamiz mantiqan o‘ylab, bu yerda bunday bo‘lishi mumkin emas, degan qaror qabul qiladi. Bunga sabab qulupnay va qovunning bir biriga yaqin va bir xil stilda ekanida. Biz kontrastni zaiflashtirdik, lekin noreal obyektlar yasadik. Buni to‘g‘irlashga harakat qilamiz:

Ikkita obyektni shu usulda ajratib ko‘rsatishimiz kifoya. Endi bizning miyamiz buni odatiy holdek qabul qiladi. Biz bu ikki predmet orasidagi hajm borasidagi kontrastni tenglashtirdik. Bu yerda faqatgina ranglar orasidagi kontrast kuchliligicha qoldi xolos. Bu ishimizni oxiriga yetkazib qo‘yamiz:

Endi bizda surat va matn to‘liq shaklda yasaldi. Bu yakunlangan ish hisoblanadi. Chunki bizda surat, unga ilova sifatida matn mavjud. E’tibor bersangiz, bizdagi matnda ham kontrast kuchli. «Qulupnay» so‘zi va uni tagidan yozilgan matnda ranglar bir xil bo‘lsada, lekin hajmda kuchli farq bor. Buni biz «tipografika kontrasti» deb atasak ham bo‘ladi. Bu haqida batafsil gaplashamiz. Faqat hozir bir holatni aniqlashtirishimiz kerak.

Avvalo, bizlar suratning nima ekanini bilamiz, agar uni qulupnay ekanini yozmasakchi? Qovunning suratiga qarab ham uning qovun ekanini tushunamiz. Unga ham matn yozmasakchi?

Yoki mana bunday holatlarda:

Endi o‘xshashlik tufayli odam miyasida ozgina to‘xtalish bo‘ladi, chunki bu mevalarni bir biridan ajratish uchun ozgina fikr qilish kerak. Suratlarni solishtirish, qaysi biri qulupnay, qaysi biri malina ekanini farqlash uchun bizga biroz vaqt kerak. Gap shundaki, surat beradigan informatsiya oddiy matn beradigan informatsiyadan ko‘ra ancha zaifroq va sekinroq hisoblanadi.

Yuqoridagi qulupnay va malina suratlari dunyo xalqlarining juda ko‘pchiliklari biladigan suratlar (lekin hamma xalqlar ham emas). Agar kamchilik insonlar biladigan suratlarni ilova matnsiz bersakchi?

Deylik:

Savol tug‘iladi: Bu qanday tog‘? Nima uchun bu surat?

Mana shu yerda bugungi mavzumizdan ozgina chekinamiz, lekin uzoqqa emas. Mavzumiz dizayn haqida bo‘lar ekan, bir holat haqida to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Xullas, bizda surat bor, matn esa yo‘q.

Dizaynda eng asosiy qoidalardan biri (hamma yo‘nalishda, grafik dizayn, web-dizayn, avtomashina dizayni va hkz.) – biror bir predmetni ishlatish maqsadi bo‘ladi.

Deylik bu tog‘ surati shaxsiy kompyuterimiz uchun ajoyib skrinshot bo‘lib xizmat qiladi. Maqsad esa – kompyuterimiz ish stolida go‘zal tog‘ surati kayfiyatni ko‘tarib tursin. Bu yerda tog‘ qayerda, qanaqa tog‘, nechi metr uzunlik, qaysi davlatda joylashgan, kimlar uni zabt etgan, zabt etgan odam hozir hayotmi yo‘qmi degan ma’lumotlar muhim emas. Muhimi u chiroyli va ish stolida zerikarli bir xil qora fonni o‘rnida ancha ko‘rkam bo‘lib turibdi:

Lekin agar biz bu tog‘dan informatsiya sifatida foydalanadigan bo‘lsak, endi biz bu tog‘ haqida ma’lumotlarni uni ko‘radiganlar uchun taqdim etishimiz kerak bo‘ladi:

Endi esa biz yana qulupnay bilan malina to‘g‘risidagi dizaynimizga qaytamiz. Agar biz huddi o‘sha qulupnay kabi bu tog‘ning nomini olib tashlasak, mana bunday tushunarsiz informatsiya hosil bo‘ladi:

Savol ketidan savol tug‘iladi: Bu qanday tog‘, qanday cho‘qqi? Geografiyani yaxshi bilmaydigan, dunyo rekordlariga qiziqmaydigan, bilmaydigan (ko‘psonli oddiy insonlar kabi) odam shu savolga javob topolmasa, surat ostidan beriladigan 20 varoq matn bo‘lsa ham, o‘quvchi uchun informatsiya olish juda qiyinlashgan hisoblanadi. Chunki biz asosiy maqsad haqida gapirmasdan, o‘quvchini chalkashtirishni boshlab yuborgan bo‘lamiz.

Shuning uchun, beriladigan surat sizu bizga tanish bo‘lsa ham, undan nima maqsadda foydalanishingizni aniqlashtiring. Agar odamlarga informatsiya berish maqsad bo‘lsa, albatta bu suratning nima ekanligi haqida yozsangiz dizayningizni yaxshi chiqishiga kafolat bo‘ladi.

Demak, informatsion dizayn uchun nimalar qilamiz va nimalarni qilmaymiz:

Biz grafik dizayndagi oddiy qoidalarni ko‘rib chiqdik. Kontrast mavzusini davom ettiramiz.

Tipografikada kontrast

Bu mavzuni boshlashdan oldin, tipografika so‘zining asl ma’nosini tushunib olamiz.

Tipografika grekcha so‘z bo‘lib, τύπος – bosma, γράφω – yozaman, ma’nosini bildiradi.

Tipografikani biz asosan bosmadan chiqarilgan barcha dizayn mahsulotlarida uchratamiz. Kitob, jurnal, gazeta, plakatlar, afishalar, ko‘chalarda reklama yozuvlari tipografika dizayniga misol bo‘la oladi.

Plakatlar. Tipografika dizayn.

Ranglar, shakllarda kontrast bo‘lgani kabi, tipografikada ham kontrast mavjud. Bu yerda kontrast harflar, so‘zlar, jumlalar va abzatslar orasida kuzatiladi.

Masalan:

Hozircha bu yerda kontrast haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki hamma jumla bir xil hajmda va hech qanday yo‘l bilan bir biridan ajratilmagan. Biz bu yerda kontrast paydo qilishga va kitob uchun jild yaratishga harakat qilib ko‘ramiz. Hozircha suratlardan emas, asosan tipografikadan foydalanamiz.

Kitob hajmi uchun shakl yasaymiz:

Odatda ko‘pchilik bizda uchraydigan tipik ko‘rinishdagi dizaynlarda juda ko‘p xatoliklar uchraydi. Bu yerda kitoblarga misol keltirishni loyiq topmadim, kitob mualliflari bundan qattiq rajnishlari mumkin.

Deylik yurtimizda kitob uchun muqova qilish topshirig‘i tushganda, ishonch bilan aytishim mumkin, juda ko‘pchilik nashriyotlar mana bunday xildagi variantni katta g‘urur bilan taqdim etgan bo‘lishar edilar:

Bu tipdagi kitoblarni deyarli xar kuni uchratamiz. Nima uchun bunday dizayn qilinishi haqida boshqa maqolada gaplashamiz. ))

Xullas, biz surat ishlatmaymiz. Muallif ismi va kitob nomi bilan ham chiroyli muqova qilsak bo‘ladi:

Bu yerdagi «A» va «B» variantlarda tipografikada kuchli kontrast ishlatilgan. «Qirq besh kun» yozuvi bilan «Roman» yozuvlari konrtrastli. Rang jihatidan ham, hajmi jihatidan ham. Agar matnlarda kontrastni kuchaytirishni istasangiz, buni dadil amalga oshirishingiz lozim:

Matn hajmida ham bu usulni ishlatamiz. Shriftlar hajmini sezilar-sezilmas qilib o‘zgartirishdan ma’no yo‘q. Bunday qilish xunuk hisoblanadi. So‘zlarda kontrast berishni istasak, buni qo‘rqmasdan, keskin holda amalga oshirganimiz ma’quldir:

Hozircha qisqacha maqola shulardan iborat. Endi esa yuqorida keltirilgan plakatlar na’munalarini qayta ko‘rib, ranglar va matnlar kontrastini qanday ishlatganligi haqida xulosalar qilsangiz bo‘ladi:

))).

--

--

Javohir Nazarov

Grafik dizaynerman. Shu sohani endi boshlayman, deyuvchilar va boshlaganlar uchun maqolalar yozib boraman.