Nega zo’riqishni his qilamiz: Zeygarnik effekti

Aziza Pulatova
2 min readMay 3, 2024

Kompyuter ekranida bir paytda bir nechta oyna ochsangiz, u qotishni boshlaydi.

Inson miyasi ham xuddi shunday.

Yakuniga yetmagan ishlar orqada “qalashib yotsa”, samarali ishlashga xalaqit beradi.

Bunday holat Zeygarnik effekti deb ataladi.

Zeygarnik effektining qisqacha tarixi:

Zeygarnik effekti olim Blyuma Zeygarnik nomidan olingan. Blyumada ushbu xotira qonuniyatini o’rganishga qiziqish professor Kurt Levinning kuzatuvlari sabab bo’lgan. Psixolog Kurt Levin to’lanmagan xizmat haqlari ofitsiantlarning xotirasida yaxshi muhrlanib qolishiga, biroq ular to’langan xizmat haqlarini to’liq eslay olmasligiga guvoh bo’lgan.

Nega bunday?

Blyumaning aniqlashicha, yakuniga yetmagan ishlar xotirada oxirigacha bajarilgan ishlarga qaraganda uzoqroq muddat saqlanib qoladi.

Chala qolgan ishlar qancha ko’p bo’lsa, ular haqida biz shuncha ko’p o’ylaymiz.

Zeygarnik effekti sababli, bir vaqtning o’zida bir nechta ishni bajara olmaymiz. Ko’pchilik insonlar bir vaqtning o’zida bir nechta ishni bajarsa bo’ladi, deb o’ylashadi. Biroq, inson miyasi bunga qodir emas. Miyadagi charchoq ish unumdorligiga salbiy ta’sir qiladi. Agar biz bir vaqtning o’zida faqat bitta ish ustida mashg’ul bo’lsak, qilayotgan ishimizda o’sishni ko’ramiz. Shunda stressga kamroq berilib, vaziyatni yaxshiroq nazorat qila boshlaymiz.

Tunda uyqusizlikdan aziyat chekishimizning sabablaridan biri ham Zeygarnik effektidir.

Zeygarnik effektidan qanday qutulish mumkin?

Vazifalar ro‘yxati zo‘riqishni keltirib chiqaradi. Uning o’rniga, eng muhim vazifalar jadvalini tuzish ustuvorliklarni belgilashga va ularni ko’zdan qochirmaslikka yordam beradi.

Tiago Forte tomonidan taklif qilingan ‘“Ikkinchi Miya” strategiyasiga ko’ra, bu effekt ta’siridan qutulish uchun, zarur ma’lumotni vaqtinchalik qayerdadir saqlab qo’yishimiz kerak. Ikkinchi Miya shaxsiy kundalik, Notion’ga o’xshash biror dastur, taqvimiy eslatma va hokozolar bo’lishi mumkin.

Miyada ortiqcha ma’lumot va vazifalar uchun joy qancha kam ajratilsa, u biror vazifa ustida shuncha yaxshi ishlay boshlaydi.

Ikkinchi Miya’ni xotirada saqlash uchun emas, aksincha miyangizdan o’chirish uchun yaratsiz.

Zeygarnik effekti miyani yakunlamagan ish ustida uzoq bosh qotirish va ortiqcha diqqat sarflashga majburlaydi. Natijada, o’zimizni o’ta charchagan his qilamiz. Uning ta’siridan qutulish uchun, qilinadigan ishlar hajmini kamaytirish va muhim bo’lmaganlaridan voz kechish kifoya.

--

--