Sovet davrida O‘zbekistonda ta’lim tizimi va hozirgi kunda bu sohada amalga oshirilayotga islohatlar va uning samarasi

Hozirda O‘zbekistonda ta’lim sohasida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Yaqin o‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sovet mustamlakachiligi davrida O‘zbekiston hududida sanoqli ta’lim muassasalari bo‘lib, ularning aksariyati talab darajasida bo‘lmagan. Ularda yetishib chiqgan mutaxassislar mamlakat aholisining juda oz qismini tashkil etgan. Ba’zi hollarda odamlar savodsiz hatto oralaridan umumiy 11 yillik ta’limni egallamaganlari ham bor edi. Bu sovet hukumatining chuqur o‘ylangan nayrangi bo‘lib, o‘zbek xalqi uchun yod bo‘lgan komunistik mafkura bilan millat ongini zabt etishga harakat qilgan. Shu asnoda xalqni qaramlikda, kuchli tazyiq ostida tutib turish, ularning pirovard maqsadi bo‘lgan. Ammo ularning ko‘zlagan rejasi amalga oshmadi, ozodlik ruhi ostida kamol topgan xalqimiz mustaqillik uchun kurash olib bordi va uzoq kutilgan kunga erishdi.

Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab har bir sohaga ulkan e’tibor qaratildi shu bilan bir qatorda ta’lim sohasida ham tub burilish yuz berdi. Yildan yilga yoshlarga ko‘rsatiladigan e’tibor ortib bordi. Jumladan, jahonning sanoqli mamlakatlaridagina mavjud majburiy 12 yillik bepul ta’lim tizimi yaratildi. Bir qancha oliy ta’lim muassasalarini biz kabi yoshlarni chuqur ta’lim olishi uchun eng ilg‘or ta’lim texnologiyaliri bilan jihozlandi. Buning samarasi o‘laroq, o‘zbek yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib kelmoqda. Yurtboshimiz har bir nutqida: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart” deb takror va takror ta’kidlab kelmoqdalar. Buni biz kabi yoshlarga bildirilgan yuksak darajali ishonch deb bilaman. Buguni o‘tmishidan, ertasi bugunidan nurafshon bo‘ldan yurtda yashayotganimdan faxrlanaman.

Mustaqillik shukuhi

“Men shu bugundan e’tiboran, 1-sentabrni jumhuriyatimizda Mustaqillik kuni — umumxalq bayrami sifatida e’lon qilishni taklif etaman…” (Islom Karimov, O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida yohud Sho‘ralarning so‘ngi talvasasi hujjatli filmidan, 1991) — O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning millat kelajagi yo‘lida ko‘rsatgan shijoati taqsinga sazovor. Bu kun tarix zarvaraqlariga oltin harflarda yozildi. Chunki 1991-yil 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb e’lon qilindi. Binobarin, o‘zbek xalqi mustabid zanjirlaridan ozod etilgan edi. Bundan soddadil xalqimizning ko‘ksi tog‘dek ko‘tarildi.

Mustabid tuzum davrida xizmat ko‘rsatgan ko‘plab korxona va tashkilotlar sobiq sho‘ro hukumatiga qarashli bo‘lib, mustaqillik e’lon qilingach, bu korxonalar birin-ketin ko‘ch-ko‘ronlarini yig‘ishtirib ortlariga qaytib ketishgan edi. Natijada asosiy tirikchiligi dehqonchilik bo‘lgan xalqimiz, bunday texnikalarni ishlab chiqarishga qodir emas va o‘z o‘rnida bu korxona ishlarini yuritishdan bexabar edilar. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonning oldida bir qancha kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifalar bor ediki, bularsiz xalq ongini shaklantirish mushkul vazifaga aylandi.

Avvalo, xalqimizni ongini uyg‘otish, mustabid tuzumdan batamon sug‘urib olish, ularni qalbiga yo‘l topa olish bu ulkan vazifalardan biridir. Yurtboshimiz Islom Karimov tomonidan xalq irodasi, o‘zligi, milliy qadriyatlari va eng avvalo mustaqilligi hadya etildi. Milliy bayramlarning tiklanishi, din erkinligi, buyuk ajdodlarimiz xotiralari va ularning qutlug‘ qadamjolariga birinchi galda e’tibor qaratilib, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan eng azaliy orzu-umidlari tiklandi. Endi xalqimiz qanday yashashni, zulmatni yorug‘likdan ajratishni bildi.

Mustaqillik yillarida qadriyatlarimizning tiklashi

Xalqimizning ma’naviy merosini tiklash va uni yanada kamol topishi uchun keng imkoniyatlar ochib berish — ajdodalarimizning azaliy orzusi emasmidi? O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov o‘zining “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” kitobida “O‘zbekistonning milliy-madaniy jihatdan g‘oyat rang-barangligi, milliy o‘zligini aglash va ma`naviy qayta tiklanishning kuchayib borishi bilan uzviy birlikda jamiyatni yanglilash, uni ochiq jamiyatga aylantirish uchun qudratli omil bo‘lib hizmat qiladi va respublikaning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun qulay sharoitlarni vujudga keltirada”, deb ta’kidlagan edi. (Karimov I.A. O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqqiyot yo‘li. T, 1992y, 13 bet)

Mustaqillik yillarida ma`naviy poklanish haqida gap ketganda O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishining ahamiyati kattadir. 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonun milliy ongning rivojlanishida, mamlakat mustaqilligining mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishi va jamiyatning ma’naviy yangilanishida muhim rol o‘ynadi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 22-dekabrdagi sessiyasida bu qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Bu ulkan natijaga erishish, o‘zbek xalqini ma’nan ulg‘ayishiga, azaliy qadriyatlarni tiklanishiga turtki bo‘ldi.

Yurt tinchlgini, mustaqilligini, jamiyat osoyishtagilini mustahkamlash uchun, avvalo, eski tuzumga moslashgan xalq ongidagi g‘oyaviy chalkashliklardan, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “temir parda” dan halos bo‘lib, umumbashariy qadriyatlardan bahramand bo‘lish asosiy vazifalardan biri edi. Shu maqsadda xalqning ma’naviy ruhini mustahkamlash, uni rivojlantirish yangi, hali to‘liq shakllanib ulgurmagan davlatimizning oldidagi ko‘ndalang vazifa edi. 

Ta’lim sohasida ilk islohatlar

Yurtimiz azal-azaldan ilm o‘chog‘i, jahon sivilizatsiyasi markazlaridan beri deb e’tirof etib kelingan. O‘rta asrlardan, xalqimiz ta’lim sohasida yuksak marralarga erishgan bo‘lib, jahon sivilizatsiyasi hamda fan sohasiga ulkan hissa qo‘shishgan. Misol tariqasida, IX-XII asrlarda Movarounnahrda ko‘plab o‘quv maskanlari bo‘lib, ulardan chinakam olimlar, ulamolar yetishib chiqqan. Xusasan, Xorazm Ma’mun akademiyasi ham shu davrdagi yirik tadqiqot markazlaridan biri hisoblangan. Algebra fani bobakalonimiz Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan atalganligi, bu azal-azaldan bizning qonimizda yaratuvchanlik, o‘qishga bo‘lgan qiziqishdan dalolatdir. Bundan tashqari, yana bir buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino o‘sha olis XI asrda tibbiy jarrohlik operatsiyasiyalarini amalga oshirgani bilan dunyoga mashhur. Uning “Tib qonunlari” asari Yevropada “Injil” kitobidan keyin eng ko‘p nashr etilgan kitoblardan biri bo‘lib, 500 yil davomida dunyoning ko‘plab nufuzli oliy o‘quv yurtlarida barcha talabalar uchun darslik sifatida o‘rganib kelingan. Buyuk mutafakkir Al-Farg‘oniy astronomiya fanida birinchi bo‘lib, geliosetrik nazariyani asoschisi bo‘lgan ya’ni Yerni Quyosh atrofida aylanishini aniq hisob — kitoblar bilan isbotlab bergan. XV asrdayoq Samarqandda Mirzo Ulug‘bek observatoriya barpo etib, yulduzlar xaritasini tuzgan. U yulduzlar joylashuvini shu qadar aniq hisoblanganki, hozirgi fan-texnika bu ma’lumotlarni atiga bir necha daqiqalarga farq qilishini isbotlagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, bizning ota-bobolarimiz jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan.

Sobiq sho‘rolar davridagi ta’lim tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u darvlarda hatto O‘zbekistonning o‘zining milliy ta’lim tizimi joriy etilmagani ayanchli holatdir. Asosan ta’lim tizimi sobiq markazning hukmron mafkura manfaatlariga bo‘ysundirilgan edi. Aytaylik, aksariyat fanlar o‘quv dasturiga kiritilmagan. Birgina O‘zbekiston tarixi fanini oladigan bo‘lsak, ushbu fan xolis o‘rganilmas, o‘quv dasturida bu fanga ajratilgan soatlarning katta qismi sobiq ittifoq tarixini o‘rganishga bag‘ishlanar edi. O‘quvchilar ongi Vatanimiz tarixining noto‘g‘ri talqin qilingan hodisalari bilan to‘ldirilar edi. Milliy qadriyat va ma’naviyat toptalar, asl o‘zbek olimlarini va buyuk davlat arboblari, sarkardalari hayot va ijod yo‘llari qoralangan. Bunga misol Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bahouddin Naqshband, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va hokazolarni keltirish mumkin.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirila boshladi. Ayniqsa ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratildi. Ta’lim-tarbiya tizimi takomillashgani sayin odamlarning ma’naviyati, ongi, tafakkur doirasi shakllanib, yuksalib bordi. Ta’lim tizimini har tamonlama, shaklan va mazmunan isloh qilish, yangilash lozim edi. Zero, jamiyat yangi shaxsni tarbiyalashni talab etayotgan bir paytda odamlarning ongi, dunyo qarashi, bilim saviyasini o‘zgartirmay, uni zamonaviylashtirmay turib yangi jamiyatni barpo etib bo‘lmasdi. (Manba: m.mfa.uz)

Yurtboshimiz Islom Karimov mustaqillik yillarida ushbu jihatlarni inobatga olgan holda, odamlarda yangicha, milliy qadriyat va an’analarimizga asoslangan dunyoqarashni shakillantirish maqsadida, ta’lim va tarbiyaga juda katta e’tibor qaratganlar. Jumladan u: “Ta’lim O‘zbekiston xalqi ma’naviyatiga yaratuvchilik faolligini baxsh etadi. O‘sib kelayotgan avlodning barcha eng yaxshi imkoniyatlari unda namoyon bo‘ladi, kasb-kori, mahorati uzluksiz takomillashadi, katta avlodlarning dono tajribasi anglab olinadi va yosh avlodga o‘tadi. Yoshlar, ularning iqtidorliligi va bilim olishga chanqoqligidan ta’lim va ma’naviyatni tushunib yetish boshlanadi”. (O‘zbekiston milliy istiqlol, iqtisodiyot, siyosat mafkura. T. 1996y, 82-bet)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil, 11-martdagi “Respublika oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga qabul qilishni takomillashitirish to‘g‘risida”gi PF-361-sonli farmoniga asosan, mamlakatimizda mavjud oliy o‘quv yurtlariga qobiliyatli yoshlarni tanlab olish tizmiga katta o‘zgarishlar kiritildi. Dastlab respublikamizning 6 ta oliy ta’lim muassasasida test sinovi asosida o‘qishga qabul qilish tajribadan o‘tkazilgan bo‘lib, oradan bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 19 taga yetkazildi. 1994-yil 14-maydagi 258-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazi tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga abituriyentlar tanlash bo‘yicha Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga aylantirildi. Davlat test markazi (DTM) asosiy vazifasi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish hisoblanadi.

DTM tomonidan tuziladigan test savollari haqida so‘z borganda, dastlab, 1992-yilda ular ikki variantli ko‘rinishda bo‘lib, cheklangan fanlardan 50 tadan savollarni o‘z ichiga olgan edi. Bu ko‘rsatkich yildan-yilga yaxshilanib bordi. Jumladan 1995-yilga kelib, testlar 3 variantlilik asnosida 36 ta savoldan tashkil topgan bo‘lib, gumanitar, aniq va chet tillarini o‘z ichiga olgan edi. Shunga qaramay, kam miqdordagi test variantlarda yetarlicha cheklangan hajmdagi test materiallaridan foydalanish bilimlar darajasini baholash, aniqlashda xolislik va muvofiq moslikni ta’minlay olmadi, maxfiylikni muhofaza qilish tartibini murakkablashtirdi. Shu maqsadda 1996-yildan oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga kirish sinovlarida test topshiriqlari variantlarini ta’lim yo‘nalishlari, mutaxasisliklar va ta’lim tillari bo‘yicha kompyuter yordamida generatsiyalash(tuzish)ga asoslanuvchi yangi, ko‘p variantli tizimi yaratildi va amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu test tizimidan hozirgi kunda ham foydalanib kelinmoqda. (Manba: www.dtm.uz)

Shu bilan bir qatorda, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga alohida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi N464-i qonuni, ta’lim sohasidaga barcha savollarga aniq oydinlik kiritdi. 34 ta moddadan iborat ushbu qaror, ta’lim jarayonining barcha jabhalarini qamrab olgan bo‘lib, o‘z o‘rnida barcha masalalar aniq va ravshan holda yoritilib berilgan. Jumladan 4-moddada yozilishicha: “Jinsi, tili, yoshi, irqi, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi” deyilgan bo‘lib, bu ta’lim sohasidagi me’yorlarni qanchalik tartibga solinganligidan dalolat beradi.

Xalqimizning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan texnika va texnologiyalari yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish yurtimiz taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda “Kadrlar tayyolash milliy dasturi to‘grisida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu dastur “Ta’lim to‘g‘rida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan. Uning ustuvor vazifalariga, milliy va xorijiy ta’lim tizimi asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir. Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro‘yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o‘zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o‘z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu ikki qonun ta’lim tizimidagi chuqur islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Mamlakatimizda ta’lim taraqqiyoti shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy hamda madaniy ehtiyojlarini ta’minlaydigan ustuvor soha sifatida qonunan belgilab berdi.

O‘zbekistonda yangi ta’lim tizimi

Eng samarali investitsiya — bu ta’limga qilingan investitsiyadir. Chunki jamiyat taraqqiyotini, uning ertangi kunini yetuk malakali kadrlar belgilab beradi. Ta’lim tizimini takomillashtirish — ularning bilimini oshirish, sifat darajasini ko‘tarishdir.

So‘ngi yillarda ta’limga ajratilayotgan mablag‘ mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YIM) 10–12 foizini tashkil etib, davlat byudjetining 35 foizidan ko‘proq qismini tashkil qilmoqda. Ta’limning barcha bosqichlarida Davlat dasturlari amalga oshirilib, yoshlarga puxta bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Yurtimizda uzluksiz va uzviylik tamoyillariga tayangan ta’lim tizimi yaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi jamiyatda ma’naviy va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash, davlatimizning ijtimoiy va ilmiy-texnik taraqqiyotini takomillashtirish omili sifatida ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iboratdir. Jumladan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 41-moddasida ta’lim sohasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.

Ta’limga oid davlat siyosatining asosiy tamoyillari sifatida uning milliy g‘oyaga yo‘naltirilgani, ta’limning uzluksizligi, umumiy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi, o‘rta maxsus, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida ta’lim olishda tanlash erkinligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ta’lim siyosatining asosiy tamoyillari Yurtboshimiz tamonidan 12 (9+3) yillik bepul ta’lim tizimi joriy etilganligi, barcha bepul bilim olishi, 9 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim 7 ta tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillarida bo‘lib, uni tamomlagan yoshlar qiziqishlari bo‘yicha istagan o‘rta maxsus ta’lim muassasasisini tanlashlari va o‘qishlarini keyingi bosqichda davom ettirishlari mumkin. Iqtidorli yoshlar uchun umumiy ta’limdan so‘ng keyingi bosqich o‘qishlarini akademik litseylarda davom ettirishlari, bu esa yanada chuqurroq, keng ko‘lamda tahsil olishlariga imkoniyat yaratib beradi.

Mamlakatimizda bugungi kunda 9733 ta umumta’lim mussasasi, 143 ta akademik litsey, 1414 ta kasb-hunar kolleji mavjud bo‘lib, yoshlarning sifatli ta’lim olishlarida xizmat qilmoqdalar. Ularning moddiy-texnik bazasi jahon standartlariga to‘la mos kelishi, umumiy fanlar bo‘yicha nafaqat to‘liq bilimlar hajmini egallash, ayni vaqtda ushbu o‘quv yurtlaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini ham beradi. 2015-yil ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda maktablarda 4540 mingta, akademik litseylarda 108.5 mingta, kasb-hunar kollejlarda esa 1451 mingta o‘g‘il-qizlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha taqsil olmoqdalar.

Shu bilan bir qatorda, yoshlarning kasbga bo‘lgan ehtiyojini jamiyat va iqtisodiyotning manfaatlariga moslashtirishning eng muhim mexanizmi bo‘lgan bakalavriatning milliy ta’lim tizimimiz va modelimizga kirib kelishi mazkur sohadagi islohotlar orasida alohida o‘rin tutadi. Malakali kadrlarni tayyorlash va ularni yetuk mutaxassis kadr qilib tayyorlashda oliy o‘quv yurtlarining o‘rni beqiyosdir. 2012 yil da oliy ta’lim muassasalarini soni 64 ta bo‘lib, bu ko‘rsatkich bugungi kunga kelib 68 tani tashkil etadi. Unda taqsil oladigan yoshlar soni esa 261.3 ming kishini tashkil etadi.

Yurtimizda aholining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, ayni ularning 72 foizi maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, litsey, kollej va universitetlarda taqsil olmoqdalar. Bu esa ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning roli va ahamiyati o‘z-o‘zidan tushunarli va ravshan bo‘ladi.

Hech kimga sir emaski, ta’lim sohasi kun sayin rivojlanib bormoqda. Kechagi ilg‘or texnologiyalarni ham bugungi kunda fan tan olmaydigan darajada shahdam qadamalar bilan olg‘a bormoqda. Bu borada jahon tan olgan ta’lim maskanlarining o‘rni beqiyosdir. Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari ham ana shunday xorijiy universitetlarda ta’lim olayotgani ko‘zni quvontiradi. Ular egallgan bilimlar yurtning ravnaqi, kelajak poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston mustaqillikga erishgan so‘ng, ta’lim sohasini isloh qilish, yangi ta’lim maskanlarini barpo etish, xususan, xorijiy davalatlar universitetlarining filliallari yurtimizda ochilishi, bu borada qilingan ishlarning yorqin namunasi bo‘ldi desak hech ham mubolag‘a bo‘lmagan bo‘ladi. Bu oliy o‘quv yurtlarida, iqtidorli, salohiyatli, Yurtboshimiz aytganidek kuchli, aqlli, hech kimdan kam bo‘lmagan yoshlar tahsil olmoqda.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ko‘plab oliygohlar, dunyoning kuchli universitetlari bilan shubhasiz raqobatlasha oladi. Moddiy texnik bazasi mustahkam, xalqaro standartlarga javob bera oladigan universitetlar mavjud. Garvard, Cambridge, Oxford universitetlari, bir necha yillardan beri kuchli universitetlar ro‘yhatidan eng yuqori o‘rinlarni band qilib kelmoqda. Sababi bu universitetlar qariyb 10 asrdan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, ular asrlar davomida erishgan yutuqlariga bizning navqiron O‘zbekistonimiz samarali olib borilayotgan islohatlar natijasida qisqa 24 yil ichida erishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning ta’lim sohasi, dunyoning manaman degan o‘quv dargohlari bilan bemalol bellasha oladigan darajaga chiqadi.

Bakalavr darajasini olgan yosh mutaxassislar o‘zlarini yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturada o‘qishlarini davom ettirish imkoniga ega bo‘lib, aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlarni yanada chuqurroq o‘rganishlari, mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy ish qilishlari mumkin. Bugungi kunda Respublikamiz oliy o‘quv yurtlarining kamida 40 foizida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda.

Avvalo, oliy ta’lim tizimida yetuk bakalavr va magistrlarning yetishib chiqishi, ularning mehnat bozorida egallayotgan o‘rni — ta’lim va real amaliyot o‘rtasidagi aloqolarning mavjudligi mamlakatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning besamar emasligidan dalolat beradi.

Ta’lim sifatini oshirish, unda yetishib chiqayotgan yosh mutaxassislarni tayyorlashning talablari davlat ta’lim standartlariga to‘la mos kelib, uzluksiz ravishda maxsus davlat idorasi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazi tomonidan qat’iy nazorat qilib boriladi. Barcha ta’lim muassasalarida berilayotgan ta’lim sifati va yaratilyotgan shart-sharoitlar davlat ta’lim standartlariga javob berishi monitoringi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tamonidan muntazam olib borilib, bu borada ta’lim muassasalariga tegishli ilmiy-uslubiy, moliyaviy-texnik va tashkiliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri avvalo jamiyatning yosh avlodining dunyo qarashini, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, malakali kadrlarga bo‘lgan talabni samarali qondirishdan iboratdir.

Yurtimizda ta’lim sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar 2012 yil 16–17 fevralda Toshkentda o‘tkazilgan «Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash — mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti» mavzusidagi xalqaro anjumanda dunyoning eng ilg‘or ta’lim tizimlari va muassasalari vakillari tomonidan chuqur e’tirof etildi. Konferensiyada O‘zbekistonning ta’lim tizimi, jumladan, qishloqlarda ham bolalar va yoshlarning barcha bosqichlarda bepul umumiy ta’limi va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi olish joriy etilganligi xorijiy mutahassislar tomonidan yuksak baholandi. Dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan kelgan vakillar ham miliy ta’lim tizimimizni namuna sifatida tan oldi va bir qator davlatlar uchun o‘rnak bo‘la olishini ta’kidlandi. Mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlarga berilgan bunday yuksak baho, albatta, O‘zbekistonda yashovchi har bir insonni qalbida g‘urur uyg‘otadi va shu bilan birga, zimmamizga katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Oldimizda turgan eng muhim masala — erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yaratilgan shart-sharoitga mos ravishda ta’limning sifati, tizimning samaradorligi va «ta’lim — fan — ishlab chiqarish» zanjirining mustahkamligiga erishishdan iboratdir. (Manba: m.mfa.uz)

Bugungi kunda har qanday mamlakatning jahon bozorida raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslarning mavjudligi, balki birinchi navbatda, zamonaviy yangilanib turgan texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir yuksak bilimli va malakali kadrlarga bog‘liqdir. Bosh qomusimiz esa ana shu yuksak axloqli, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega kadrlarni tayyorlashning huquqiy kafolati bo‘lib hisoblanadi.

O‘zbekistonda ta’lim sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar

“Istiqlol tufayli odamlarimiz ongu tafakkurida chuqur o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu jarayonda millat sifatida o‘zlikni anglash, ajdodlar dahosi va zakovatini davom ettirish, milliy fenomen qudratini bor bo‘y-basti bilan jahonga ko‘rsatish maqsadi barcha soha va yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarda o‘z ifodasini topdi. Bunday ezgu intilishlar samarasi o‘laroq butunlay yangi — ruhi va fikri toza avlod dunyoga keldi.”

Mustaqillik yosh avlod hayotiga buyuk kelajak nafasini, ezgu umid va orzular ijobatini olib keldi. Yangi asr avlodiga ajdodlar armonining ushalishi bilan birga beqiyos imkoniyatlar kaliti, yuksak marralar sari dadil qadam tashlash baxti ham nasib etdi.

Bugun qayerga qaramang, o‘zbekistonlik yoshlar erishayotgan yutuqlarni ko‘rishimiz mumkin. Yildan yilga yoshlarimiz, aytaylik, fan olimpidalarida deysizmi, yoki biror bir sport sohasimi, boringki, san’at sohasida ham yuksak marralarni zabt etmoqdalar. Prezidentimiz rahnamoligida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasi o‘laroq, mustaqillik farzandlari dunyo miqyosidagi turli ko‘rik-tanlov va xalqaro fan olimpiadalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bu yutuqlar, avvalo, yoshlarning ertaga jamiyatdan munosib o‘rin egallashi uchun hizmat qilsa, boshqalar uchun o‘rnak bo‘ladi.

Avvalo shuni mamnuniyat bilan aytish joizki, bugungi kunda jamiyat ravnaqi, barkamol avlodni tarbiyalashda yetuk insonni shakllantirishda avvalom bor ayollarning o‘rni qanchalar muhim ekanligini Yurtboshimiz tomonidan ta’kidlanib kelinmoqda.

Yurtimizda barkamol xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ularni iqdidorlarini namoyon qilish va muntazam rag‘batlantirib turish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2015-yilda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 14 nafar o‘quvchisi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Umuman, 2000-yildan buyon tizimdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jami 95 nafar o‘quvchi qiz ushbu nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi.

Zamonaviy bilim maskanlarida jahon standartlari asosida ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarimiz xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan nufuzli tanlovlar, fan olimpiadalari, musobaqa va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak intellektual salohiyati, keng tafakkuri va zehni bilan dunyo ahli havasini uyg‘otmoqda. Jumladan, 2013-yil aprel oyida Toshkent shahrida ilk bor o‘tkazilgan 47-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida o‘zbekistonlik yoshlari ham qatnashib 2 ta oltin, 5 ta kumush, 8 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi va 17 davlat ichida O‘zbekiston bayrog‘ining baland ko‘tarilgani barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

2016-yil 1–6-mart kunlari Kiprning Protaras shahrida matematika fani bo‘yicha “SEEMOUS” 10-xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. Kipr ta’lim va madaniyat Vazirligi, Matematika jamiyati hamda Janubi-Sharqiy Yevropa Matematika jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur intellektual bellashuvda yigirmadan ortiq mamlakatdan 43 universitet jamoasining 150 dan ziyod iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Tanlovda O‘zbekiston yoshlari ham shohsuppa qatoridan joy olishdi. O‘zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibrohimov bittadan oltin medal, Mirmuhsin Mahmudov maxsus diplom bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida O‘zbekiston jamoasi tarkibida xalqaro fan olimpiadalarida jami 253 nafar o‘quvchi qatnashib, 21 ta oltin, 51 ta kumush, 90 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yuqorida aytib o‘tilgan fikr-mulohaza, ma’lumotlar O‘zbekistonda qisqa davr ichida ta’lim sohasida yuksak yutuqlarga erishganini ko‘rishimiz mumkin. Kelgusida hukumatimiz tamonidan ta’lim sohasida ilgari suriladigan izchil islohotlar davomli bo‘lishi, biz kabi yoshlarga ilhom baxsh etib, yanada yuksak marralarni zabt etishimizga imkon, zamin yaratib beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O’zbekiston: Milliy istiqlol, iqtisod, siyosat mafkura 1. Islom Karimov.

2. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida yohud Sho‘ralarning so‘ngi talvasasi. Islom Karimov so’zlagan nutqi, 1991.

3. O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqqiyot yo‘li. Karimov I.A. T, 1992y, 13 bet.

4. O‘zbekiston milliy istiqlol, iqtisodiyot, siyosat mafkura. T. 1996y, 82-bet.

5. O’zbekistonda ta’lim statistikasi. 2015y.

6. mfa.uz, dtm.uz

One clap, two clap, three clap, forty?

By clapping more or less, you can signal to us which stories really stand out.