Qora shim

REGISTON TV
4 min readJan 25, 2020

--

Sevganlaringizga sevishingizni izhor qiling!

(Pedagog, yozuvchi Alishan Kapaklikayaning o’z oilasida bo’lgan voqea– qora shim hikoyasi)

Bugun bizning farzandlarimizda bor narsalar bizda yo’q edi, ularda yo’q narsalar bizda bor edi. Biz istagan narsaning hech biri yo’q edi.

Ota-onamiz ocharchilik zamonida yashadilar. Biz ham o’sha zamonda tug’ilib, ulg’aydik. Istagan narsamizni ololmas edik. Masalan, menga shim olib bering, desam, yo’q deyishardi. O’yinchoq olib bering, desam, o’zing yasa, deyishardi. Loydan o’yichoqlar yasaganman. Dadamning cho’ntaklarini ichidan kesib olib, unga jun to’ldirib to’p yasardim. O’shani o’ynar edim. Opalarim lattadan o’zlari qo’girchoq tikishardi. Shuning uchun ham biz narsalarning qadrini bilamiz.

Bir kuni otam: “Sizlarga shim olib kelaymi?”, dedilar. Biz juda xursand bo’ldik. Otam bozorga ketdilar. Biz esauch aka-uka sevinib, kaftimizni iyagimizga tirab olib, keladigan shim haqida hayol sura boshladik. Endi biz ham oqsoqollarning bolasidek shim kiyamiz. Unda men uchinchi sinfga borar edim, ukam birinchi sinfga. Kichik ukam Raf’at esa 6 yoshda edi. Shu zayl shimning qandayligi haqida bahs qilib, shirin hayollar surdik.

U vaqtda elektr toki, televizor degan narsalar yo’q edi. Dunyodan bexabarmiz. Ungacha onam buvimning eski gullik kiyimlarini kesib, o’shandan bizga kalta ishton (sho’rtik) tikib berar edilar. Hayol surayotib, ukam mendan: “Sening shiming qanday rangda bo’ladi?”, deb so’radi.

–Qora!, dedim men. U:

–Qaniydi, mening shimim ko’k bolsa!, –dedi.

– Nega endi ko’k?,– deb so’radim.

– Sen gullik sho’rtikda maktabga borasan, men esa ko’k shimda,– dedi maqtanib.

Biroz jim bo’ldi-da, keyin:

– Otam shahardan tufli ham olarmikinlar?,– dedi.

– Qora rezinkalik oyoq kiyim oladilar, –dedim.

Shuvaqt ko’chani changitib kelayotgan marshrut ko’rindi. U biz kutayotgan orzu-umid edi. Otam undan tushib kelib, qo’llaridagi xaltadan qora shim, oq yoqalik ko’ylak va qora rezinkali oyoq kim chiqarib menga uzatdilar. Ukamga ham huddi shunaqasi. Bizni havas bilan kuzatib turgan kichik ukam Raf’at ham intiqlik bilan kutib turibdi. Lekin unga kiyim chiqmadi. U xaltalarni titkilab orzu qilgan ko’k shimini izlashga tushdi. Lekin unga yo’q ekan.

Keyin umid bilan otamga qarab:

–Menga qani?, –dedi.

–O’g’lim, — dedilar otam — senga yanagi safar borganimda olib kelaman. Ukam yig’lagancha xonadan chiqib ketdi. Bundan otamning ham yonoqlaridan yosh oqdi. Kech tushdi. Dasturxon atrofida o’tiribmiz.Hamma jim. Faqat kichik ukamning hiq-hiq yig’lagan ovozi eshitilardi.

Men ertalab maktabga ketdim. Qaytib kelsam, kichik ukam menga havas bilan qarab:

–Shiming juda ham yarashibdi, men ham bir marta kiyib ko’rsam bo’ladimi?,– dedi.

– Yo’q, kir qilasan!, — dedim men. Ertasi kuni yana yalindi, bermadim. Uchinchi kuni ham yalindi, yana unamadim. To’rtinchi kuni esa yana yalinib, shunday dedi:

– Shim senga juda yarashib turibdi, oyoq kiyiming ham juda yarashgan. Balki, menga ham yarashar?..

– Bu senga uzun, –dedim men.

– Poychasini shimarib olaman.

– Kir qilib qo’yasan!

– Sholchaning ustida kiyaman.

– Mayli, beraman. Lekin bugun emas, ertaga maktabga borib keliganimdan keyin besh daqiqaga beraman, faqat kir qilmaysan! — deb ko’ndim. Kechuqurun to’rt aka-uka joyimizga yotdik. Ukam esa meni sekin turtib:

– Aka, fikringdan qaytib qolmading-a? Men ertaga shim kiyaman! — dedi sevinib.

Ertalab maktabga ketayoyatganimda u ham uyg’onib oldi.

– Bugun vaqtliroq kel-a, men seni tashqarida kutib turaman, –dedi. Men maktabga ketdim. Uchinchi soat darsi bo’layotganida eshik ochilib, sinfga mudir kirdi, o’qituvchimizga shivirlab bir nimalar dedi. Uning gapdan o’qituvchimizning rangi o’zgardi. Keyin menga qarab:

– Alishan, bolam, uyga borar ekansan, dadang seni kutayotgan ekan,– dedi.

Men o’zimga-o’zim, ukam shimimni kiyish uchun dadamga aytib, meni vaqtli chaqirtirgan, dedim. Maktabdan chiqib uyga ketayapman. Mahallada qishloqliklar ham bizning uyimiz tarafga ketishardi. Ko’chamizga yetib keldim. Ukam meni ko’cha boshida kutishi kerak edi. Lekin yo’q ekan. Ostonada bo’lsa kerak…U yerda ham yo’q ekan. Hovliga kirsam, to’la odam. Onam dodlab, o’zini u yoq-bu yoqqa otardi.

– Raf’atni bering menga, bolajonimni beringlar, yaralangan qo’zichog’imni beringlar!, –deb dodlar edi. Bilsam, keksa yoshli bir amaki traktori bilan ketayotib, ko’chada meni kutib turgan ukamni bosib ketibdi. Men shimimni berishim kerak bo’lgan kuni ukam traktor g’ildiraklari ostida jon beribdi.

Otam muhabbatni tatiy olmagani uchun bizga ham muhabbat ko’rsata olmadi. Yo’q, otam bizni yaxshi ko’rar edi, lekin uni izhor qila olmasdi. Bizni quchoqlolmadi, bag’riga bosolmadi.

Sevganlaringizga sevishingizni izhor qilib turing!

U kuni yana nima bo’lganini bilasizmi? — Mayyitni yuvib, kafanga yotqizmoqchi bo’lishganida otam, men olaman, dedi. Ukamni bag’riga bosib, “Raf’at, men seni mozorga emas, bozorga olib borib shim olib bermoqchi edim, bolam! Tur, birga bozorga boramiz”, deb ho’ng-ho’ng yig’ladi.

Koshki, u gaplarni tirikligida aytsa edi. Biz u muhabbat izhorini, uni his qilishni uzoq kutgan edik. Lekin otam uni endi hech narsani his qilmaydigan ukamni quchoqlab, o’ksinib, faryod bilan aytar edi.

Bugun farzandlarimiz bizdan ko’rmayotgan mehrni qo’l telefonlaridan izlayaptilar.

Ko’cha boshida farzandlarimizni yo’ldan ozdirish uchun kutib turgan razil insonlar ularni ota-onalaridan ko’ra ochiq chehra bilan kutib olayaptilar.

Men vatanimni, oilamni, ahli ayolim va farzandlarimni juda yaxshi ko’raman.

Bilasiz, har yili turli ma’ruzlarga borar edim. Bu yil bormayapman. Chunki qizim oqqon bo’lib qoldi, uning yonidaman, unga tirikligida muhabbatimni izhor qilib,uni yaxshi ko’rishimni aytayapman!

Turkchadan Ikrom Sharif tarjimasi.

--

--