Meni ilk bor DAN hodimi to‘xtatishi

Bugun juda ham qiziq voqea bo‘ldi desam adashmasam kerak.

Bobom va buvimni ko‘rgani mashinamizda chiqqan edik. Mashinani yoqilg‘isi kamligi sababli birinchi navbatda AYQSh tomonga qarab haydadim. Askiga olib yoqilg‘i qo‘yish shahobchasi ham yopilgan ekan. Nima bo‘lsa bo‘ldi deb mashinani yoqilg‘isi tugay deb turganda ona buvim va bobolarnikiga qarab haydadim. Yo‘lda umrimda ilk bor DAN hodimi to‘xtadi. Odatda hech kim xavfsizlik kamaridan foydalanmasa-da, men doim xavfsizlik kamarini taqaman va yonimdagi insonni ham taqishga majbur qilaman :) Menimcha DAN hodiming to‘xtatganligi sababi ham bu nimadandir qo‘rqib xavfsizlik kamari taqib kelyapti. Bir gap bor bu bolaga degan bo‘lsa kerak.

Men mashinani to‘xtatdim, DAN hodimi meni mashinadan tushishimni bir oz kutib, keyin majbur bo‘lgani sababli o‘zi yurib keldi va o‘zini tanishtirdi. U hujjatlarimni tekshirib, barchasi to‘g‘riligiga ishonchi komil bo‘lgach, menga ketishga ruhsat berdi. Men esa avtomobilni o‘t oldiraman deganimda yoqilg‘isi tamom bo‘lgani sababli o‘t olmay qoldi. Jiyanimga yoqilg‘i olib kelib berishini iltimos qildim. Mashina esa joyida turaverdi. DAN hodimi boshqa mashinalarni ham to‘xtashga urundi. Avtomobillarning ba’zilari to‘xtagan bo‘lsa, ba’zi bir mashinalar to‘xtamasdan o‘tib ketganini guvohi bo‘ldim. Shundan so‘ng DAN hodimi mendan mashinani turgan joyimdan olishimni, unga halaqit berayotganligini aytdi. Men esa unga yoqilg‘i tamom bo‘lgani sababli o‘chib qolganini aytdim. U esa — “80 mln so‘mlik mashinada yurib benzin solib yurmaysizmi? Benzin nasosni kuydirasiz-ku” dedi. Men esa uyalib, jiyanimni kutdim.

3 ta DAN hodimi birlashib gaplashib qolishdi. Men esa ularni kuzatib o‘tirdim. Mashina qancha yoqilg‘i sarflayotganini va bir qancha narsalar bilan qiziqib savollar bera boshladi. Shunda meni to‘xtatgan hodim — “Baribir Captiva zo‘r mashina-da” desa, ikkinchisi unga qarab, — “Jinnimisan? Bu Captiva emas, Orlando-ku” dedi. Uning o‘zi ham shunda uyalib jim bo‘lib qoldi.

Shunday qilib, jiyanim keldi. Yoqilg‘i quyib, boradigan manzilimizga sog‘-omon yetib oldik. Bugungi voqea shundan iborat edi.