Kuchli davlat

Mazam qochib qoldi. Doktorga borishga erinib, ikki kun uyda yotdim. Bo‘lmadi. Oxiri, xushimdan ketishimga oz qolganda, onam doktorga borishga majbur qildi.

Doktor dardimni eshitgach, ikkita osma ukol va bir dunyo dori yozib berdi. Fizioterapiya bo‘limidagi hamshiralarga aytsangiz, ukollaringiz qilib qo‘yishadi, deb xayrlashdi.

Fizioterapiya, xalq tili bilan aytganda “svetga tushadigan joy”ga borib, hamshiraga uchradim. Ukol tayyor bo‘lgunicha mana bu yerda yotib turing, deb bir halta dori-darmonni sharaq-shuruq qilib olib chiqib ketdi. Ikki-uch daqiqada qaytib kelib, osma ukol qilib, yana chiqib ketdi. Qancha yotaman, degan savolimga, qirq daqiqacha, degan javob oldim.

Qirq daqiqa qachon o‘tdi endi… Shu payt orasi yupqa taxta material bilan to‘silgan qo‘shni xonada yotgan ikki chol suhbat boshlab qolishdi.

– O‘risning zamonida qurilgan, shekilli…
– Ha, o‘ris ko‘p narsa qurgan edi. Hammasini buzib tugatdik.
– E, nimasini aytasiz. ShR zavodning o‘zida qancha odam ishlardi a? Xladokombinat va myasokombinatda-chi?
– ShR zavod hozir bozor bo‘lgan. Paxta zavodniyam buzib, o‘rniga bozor qurishdi.
– Pilla-ku, hech kim qurt boqmay qo‘ydi. Paxta ektirib, hech bo‘lmasa, shu paxta zavodni saqlab qolsa bo‘lardi…

Odatda, sovet davrida yashagan odamlarning shunga o‘xshash suhbatini eshitib qolsak, bu holatni sovet davrini qo‘msash, deb ataymiz va suhbat qahramonlarini mustaqillikni qardiga yetmaslikda, mustabid tuzumni ulug‘lashda ayblaymiz.

Men ham avvaliga shunday deb o‘yladim. Ha endi, bu chollar o‘sha tuzumda tarbiya topgan, o‘sha zamonni maqtaydi-da, deb qo‘ydim. Lekin, bu suhbat uyda yana esimga tushib, qayta tahlil qilgach, bu ikki otaxon sovet davrini qo‘msamayapti, degan xulosa keldim. Yuqoridagi suhbatni siz ham yana bir bor o‘qib ko‘ring!

Endi esa quyidagi suhbatni o‘qing.

– Esingizdami, bizning zamon qanaqa zo‘r zamon edi? Lenincha shiorlar, kommunizm qurish orzusi… Bular, kapitalizm quramiz, deb hammasini barbod qilishdi.
– Nimasini aytasiz… Qizil galstukli pionerlar ko‘chalarimizga qandoq yarashar edi. Lenin bobomlar, degan she’r haliyam esimda…

Taxminan shunday suhbat bo‘lganida, ehtimol, ikkala chol sovet davrini qo‘msayapti, degan xulosa qilish uchun ozmi-ko‘pmi asosim bo‘lar edi. Ular esa asosan buzilib ketgan zavodlar, yana qanaqadir ishxonalar va u yerda yaratilgan sharoitlar haqida gapirishmoqda edi…

Menimcha, bu ikki qariya, shunchaki, ishlab chiqarish va sanoat rivojlangan, fuqarolar ish bilan ta’minlangan va ijtimoiy muxofaza qilingan kuchli davlatda yashagilari kelyapti. O‘zlari yashagan so‘nggi mana shunday davlat haqida suhbat qurmoqda. Shu, xolos. Sovet Ittifoqi rostdan ham shunday davlat bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bu endi boshqa mavzu.

One clap, two clap, three clap, forty?

By clapping more or less, you can signal to us which stories really stand out.