Fuqaro sifatida nima qila olasiz?
Alohida insonga dunyoni o‘zgartirishni nimadan boshlash kerakligini tasavvur qilish qiyin. Kambag‘allik, tabiatning ifloslanishi, ko‘chalardagi ishsizlar juda mushkul ishdek ko‘rinadi. Biroq agar senga ovoz berish hali erta bo‘lsa ham ko‘p ish qila olasan. Hatto siyosatni do‘stlar va oila bilan muhokama qilib, kishilarning ongiga ta’sir qilib ham dunyoni o‘zgartirish mumkin.

Sen quyidagilarga urinib ko‘rishing mumkin:
Yoz…
… o‘z mahalliy siyosiy vakillaringga va jurnalistlarga seni tashvishlantirayotgan narsalar haqida yoz. Do‘stlaringni jalb qilishing mumkin. Telegramda o‘z kanalingni ochishing va o‘z fikrlaringni internetdagi barcha kishilar uchun yoyishing mumkin.
A’zo bo‘l…
… siyosiy partiyalarga, faollar tashkilotlariga, masalan Yovvoyi tabiat jamg‘armasiga a’zo bo‘l, yoki mahalliy kutubxonani, uysiz hayvonlarni yoki maktabni qutqarish kabi mahalliy tadbirlarda ishtirok et.
Bahslash…
… do‘stlar bilan. Maktablarda ayrim hollarda debat klublari (O‘zbekistonda mavjud emas) bo‘lib, unda kishilar turli g‘oyalar yuzasidan ijobiy va salbiy dalillarni qidiradilar. Debatlar fikrni aniq ifodalashni, boshqa nuqtai nazarga ega kishilarni eshitish va tushunishni o‘rgatadi.

O‘z nomzodingni qo‘y…
… maktab kengashiga yoki sinf prezidentligiga. Bu mamlakatni boshqarish imkonini bermaydi, lekin bo‘lg‘usi siyosatchi uchun yaxshi tajriba beradi.
Tinchlik berma…
… seni tashvishlantirayotgan siyosiy masalalar bo‘yicha atrofingdagi kattalarga. Bu bahslashish ko‘nikmalarini yaxshilaydi va hatto ularni eng yaxshi nomzod uchun ovoz berishga, va umuman ovoz berishga ishontiradi.
Xarid qilma…
…hatti-harakatlaridan sen norozi bo‘lgan kompaniyalarning mahsulotini. Masalan, agar birorta kompaniya o‘z xodimlariga kam pul to‘layotganini, soliqlarni to‘lamayotganini, o‘z mavqeidan yoki bolalar mehnatidan foydalanayotganini bilsang, ular ishlab chiqargan burgerlar, shirinliklar va kiyimlarni xarid qilma.
Bu usul boykot deyiladi. Agar kompaniyani yetarlicha ko‘p kishilar boykot qilsa, u buni his etadi. Lekin masalani o‘rganib chiq, internetdagi asossiz gaplarga ishonish to‘g‘ri emas.
Savollar ber…
…va mamlakatingning qanday tuzilganligini o‘rgan. Qanchalik ko‘p bilsang, biron narsani shunchalik yaxshi o‘zgartira olasan.
Agar senda huquq bo‘lsa:
Saylovlarda ovoz ber
Birgina ovoz ko‘p narsani o‘zgartirishi dargumon, lekin har bir ovoz katta o‘zgarishlarga hissa qo‘shadi. Siyosatchilar odamlarga baribir ekanligini ko‘rganida (chunki odamlar ovoz bermaydilar) ularga huquqsiz kishilarga kabi munosabat bildiradi.

Siyosatchiga aylan
Ushbu ish hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi, u katta intilish va mustahkam asablarni talab qiladi. Lekin balki … Balki sen mamlakatning bo‘lg‘usi prezidentidirsan?
Davomi: Siyosiy mafkuralar

