Qanday boshqaruv shakllari mavjud

Azamat Shamuzafarov
Siyosat nima?
Published in
10 min readOct 28, 2019

Kishilar doim o‘z hamjamiyatlari uchun qanday boshqaruv shakli eng ko‘p mos kelishi haqida bahslashganlar. Shakllarning o‘zi ham o‘zgargan — ba’zan asta-sekin, vaqt mobaynida, ba’zan esa kishilar guruhi eski boshqaruv shaklidan batamom zerikkanda — keskin o‘zgargan. Ushbu bobda ularning o‘tmishda mavjud bo‘lgan ayrim, — Qadimgi Gresiyadagi demokratiyaning boshlang‘ich ko‘rinishidan boshlab to amerikalik isyonchilar tomonidan saylangan AQShning birinchi prezidentigacha bo‘lgan shakllariga batafsil to‘xtalamiz.

Qadimgi demokratiya

Afinaga asos solingach shahardagi hokimiyat eng boy fuqarolarga tegishli bo‘lgan, qolgan afinaliklarda ovoz berish huquqi bo‘lmagan. Taxminan bundan 2700 yil avval oddiy kishilar huquqlarni tenglashtirish talabini ko‘tarib chiqqanlar. Dunyodagi birinchi demokratiyaning tarixi ana shundan boshlandi.

Afinaning istalgan fuqarosi hukumatda ishlashi mumkin bo‘lgan. Lekin kimni fuqaro deb hisoblash mumkin?

— Men ayol fuqaroman!
— Kechirasiz, yo‘q. Ayollar fuqaro bo‘la olmaydi.

— Menchi? Men ham ishtirok etishni istayman.
— Yo‘q, bo‘lmaydi. Sizning ota-onangiz afinalik bo‘lmagan.

— Men afinalikman!
— Orzu ham qila ko‘rma! Qullar fuqaro bo‘la olmaydi.

Grek tilidan tarjima qilinganda «demokratiya» so‘zi «xalq hokimiyati» degan ma’noni beradi. Biroq faqat 20 yoshdan katta, otasi va onasi Afinada tug‘ilgan erkin erkaklargina fuqaro bo‘lishi mumkin. Bu shahar aholisining bor-yo‘g‘i 10–20 %i fuqaro hisoblanishini bildiradi.

Siyosiy tizim ikki organdan: bule (davlat kengashi) va ekklesiya (xalq yig‘ini)dan tashkil topgan edi.

Fuqarolar (taxminan 6000 kishi):

Bule — qur’a tashlash yo‘li bilan tanlangan 500 kishi

  • ekklesiya qachon yig‘ilishini belgilaydilar;
  • qanday masalalar muhokama qilinishini hal qiladilar;
  • yangi qonunlarni taklif qiladilar.

Ekklesiya — Afinaning barcha fuqarolari

  • muhim masalalarni muhokama qiladilar;
  • bule tomonidan taqdim etilgan qonunlarni taklif qiladilar yoki rad qiladilar.

Afinaning urushga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bahslar vaqtida ekklesiyani chaqirish shunday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin edi.

Ekklesiyaning istalgan ishtirokchisi o‘z mavqeidan qat’iy nazar o‘z fikrini bildirish huquqiga ega bo‘lgan. Darhaqiqat, odatda 50 yoshdan katta erkaklar birinchi bo‘lib so‘zga chiqishgan. Eng so‘zamol kishilar notiqlar deb atalgan.

Chiqishlar uchun minbarda:
— Qadrli afinaliklar, bizga bu urush ne uchun darkor?
— Xoy, mahmadona! Hozir mening navbatim!

Yig‘ilish Pniks tepaligida o‘tkazilgan. Uning nomi grek tilidan “tiqilinch” deb tarjima qilinadi. Chiqishlar qisqa — olti daqiqagacha bo‘lgan. Barcha fuqarolar uchun ekklesiyada qatnashish majburiy bo‘lgan. Qo‘riqchilar kech qolganlarni bo‘yoq surtilgan arqonlar bilan haydab borgan. Kiyimdagi bo‘yoqlar o‘z fuqarolik burchini yaxshi ijro etmayotganlarni fosh qilgan.

«Idiot (tentak)» so‘zi grekcha «idiotes» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “xususiy shaxs” degan ma’noni beradi. Siyosat bilan qiziqmaydigan kishilarni shunday deb atashgan.

Rim respublikasi

Ayni vaqtda Italiyada Rim, ya’ni shoh tomonidan boshqariladigan shahar-davlat o‘z kuch-qudratini to‘plamoqda edi. Er.av. 509-yilda patritsiylar, ya’ni aslzoda va zodagon oilalarning vakillari so‘nggi Rim shohiga qarshi isyon ko‘tardilar. Ular respublikani, ya’ni lotin tilida “jamoatchilik ishi” degan ma’noni anglatuvchi yangicha boshqaruv shaklini joriy qildilar.

Rimga shoh o‘rniga ikki konsul hukmronlik qildi.

Domitsian — Rim imperatori vakonsul (81 y.dan)

Konsullar
Hech kim yakka tartibda hukmronlik qilmasligi uchun ular ikki kishi edi.

Konsullar hokimiyati quyidagilar bilan cheklanar edi:
Senat
Patritsiylar yig‘ilishi bo‘lib, konsullar ular bilan maslahatlashar edi.

Minbarlar
Oddiy fuqarolar — plebeylarning vakillari.

Hokimiyatning ushbu uchta tarmog‘i, ulardan hech biri hokimiyatni egallab olmasligi uchun o‘zaro bir-birini to‘xtatib turar edi.

Konsullar: — Biz qonunlar qabul qilamiz. Bu bizlarni juda nufuzli ekanligimizni bildiradi, shunday emasmi?

Senat: — Xa, biroq konsullarni biz tayinlaymiz, biz ularni almashtirishimiz ham mumkin. Hamda shahar harajatlarini biz bilan kelishishingizga to‘g‘ri keladi!

Minbarlar: — Xoy, bizlarni unutmadingizmi? Biz sizning istalgan qaroringizni taqiqlashimiz mumkin.

Bunday qurilma to‘xtatib turishlar va qarama-qarshiliklar tizimi deb ataladi. Unda istalgan hokimiyat tarmog‘ining vakolatlari boshqa tarmoqlar tomonidan cheklanadi.

Imperator Gay Yuliy Sezar (mil. avv. 102 yoki 100-yil — 15 mart mil. avv. 44-yil) — Rim diktatori, konsul, sarkarda, yozuvchi.

Diktatura

Favqulodda holatlarda — inqilob, dushman hujumi yoki urush vaqtida — maxsus qonun-qoidalar kuchga kirar edi. Rim xalqi diktatorni — senat va minbarlarga qaramasdan farmoyish beradigan vaqtinchalik hukmdorni saylar edi.

Sinsinnat o‘z hayoti davomida ikki marta diktator bo‘lgan. U donishmand konsul bo‘lgan, lekin zamindor bo‘lish maqsadida Rimni tark etgan. Bir kuni, Rim xatarda qolganda, uni diktator qilib saylashgan. U qo‘shinni jangga boshladi va urushda g‘olib bo‘ldi, 16 kundan so‘ng esa yana yer haydashni boshladi.

Biroq diktatura doim ham tinchlik bilan yakun topmaydi. Rimning so‘nggi diktatori Yuliy sezar bo‘lgan. U hokimiyatdan ajralishni istamadi, va o‘zini umrbod diktator deb e’lon qildi (fitnachilar uning hayotiga chek qo‘ydilar). Hozirgi kunda diktatura deyarli har doim yomon holat deb hisoblanadi.

Imperiyalar va imperatorlar

Yillar o‘tgan sayin rimliklar yanada qudratliroq bo‘lib bordi. Ular qo‘shni mamlakatlarni ishg‘ol qilib, ularni Rimga bo‘ysunuvchi imperiyaga birlashtirdilar. Biroq hech narsa abadiy emas. Asta-sekin barchasi barbod bo‘la boshladi va Rim tanazzulga yuz tutdi. Er.av. 27-yilda respublika o‘rnini imperator hokimiyati egalladi.

Imperiya hududi Yevropaning kattagina qismi egallanguncha kengayib bordi. U bundan 1800 yil avval o‘z cho‘qqisiga erishgan vaqtda quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan.

II asr o’rtalarida Rim imperiyasi BD

Rim imperiyasi alohida viloyatlar — provinsiyalarga bo‘lingan. Har bir provinsiyani rimlik amaldor boshqargan, uni hokim deb atashgan.

Imperator Rimdan turib boshqargan. Uning hokimiyati cheklanmagan. Uning farmonlari — dekretlar — shahar maydonida e’lon qilingan va avtomatik ravishda qonunlarga aylangan.

Rim provinsiyalarining aholisi imperatorga soliqlar to‘lagan, lekin bunda o‘z hayotini yetarlicha erkin qura olgan.

Rim qo‘shini imperiya chegaralarini himoya qilar va yangidan-yangi yerlarni bosib olar edi. Va oxir oqibat imperiya shunchalik kattalashib ketdiki, endi uni Rimda turib boshqarish imkoni qolmadi. 285 yilda hokimiyat ikkiga bo‘lindi, ularning har biriga o‘z imperatori va poytaxti tayinlandi.

Rim hokimiyatiga hozirgi kunda ko‘pgina hukumatlarga qaraganda ancha ulkan hududni va nihoyatda ko‘psonli kishilarni boshqarishga to‘g‘ri kelgan. Bu quyidagilar yordamida amalga oshirildi.

Armiya generali
Butun Rim imperiyasi bo‘ylab har biri 5000 kishidan iborat 30 ta legion uylarga joylashtirildi. Kishilar ulardan qo‘rqadilar, va bu ularni tartibsizliklardan to‘xtatib turadi.

Me’mor
Zamonaviy kanalizatsiya va sport maydoniga ega yangi shaharni qurdiradi. Kishilar buning qanday mahobatli ekanini ko‘rganda Rim boshqaruvidan shikoyat qilishni istamay qoladilar.

Qadimgi Rim

Rim tevaragida istiqomat qiluvchi sobiq askar
U ko‘p yillar Rim qo‘shinida xizmat qilgan. Buning uchun u Rim fuqaroligi bilan mukofotlangan va bundan behad xursand.

Mahalliy dohiy
Rimliklar mahalliy ishlarga aralashmaydilar va bu uni butunlay qanoatlantiradi.

Uzoq o‘lkalardagi rimlik oila
Otasi bir paytlar rimlik askar bo‘lgan. Iste’foga chiqqach unga oilasi bilan birga ushbu o‘lkadan yer maydoni ajratilgan. Rafiqasi va farzandlari mahalliy aholini Rim madaniyatining boyligi bilan tanishtiradi va biror kimsa janjal ko‘tarmoqchi bo‘lganda imperatorning odamlariga xabar beradi.

Xitoy: imperiyadan meritokratiyagacha

Osiyoda ham o‘z imperatoriga ega ulkan imperiya hukm surgan. Imperatorlar hokimiyatni ko‘pincha qurol-yarog‘ yordamida egallagan, lekin hukumatda malakali amaldorlar, yoki davlat xizmatchilari kengash o‘tkazgan. 7 asrdan boshlab amaldorlikka nomzodlar uchun imtihon topshirish joriy qilingan. Buni faqat eng yaxshilargina uddalay olgan — bunday tizim meritokratiya deb ataladi, lotincha «meritus» — munosib so‘zidan olingan.

Amaldorlikka nomzodlarga yillab universitetda o‘qish zarur bo‘lgan. Imtihonlar juda qattiqqo‘llik bilan o‘tkazilgan. To‘siqni 3000tadan bir kishi yenga olgan, ko‘chirganlik uchun esa o‘lim jazosi belgilangan. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlar kichik amaldor bo‘lib xizmat qilgan. Eng yuqori pog‘onaga erishish uchun ular yana to‘qqizta imtihon topshirishgan.

19 asrgacha Yevropada hukumat lavozimlari aslzoda kishilarning qarindoshlariga berilgan. Ushbu tizim nepotizm (tanish-bilishchilik) deb ataladi. Xitoy tizimi Yevropadagi hukumatlarni kishilarni ularning qobiliyatiga qarab tayinlashga undadi. Biroq meritokratiyaning ham o‘z kamchiliklari mavjud…

Qadimgi Xitoyda Xan sulolasi davrida shahar hayoti (mil. Av. 3-asr).

— Safsata! Qanday kamchiliklar? Iste’dodli kishilar boshqarishi kerak.
— Senga gapirish oson. Meni esa o‘kish uchun pulim yo‘q, demak qanchalik iqtidorli bo‘lmay imkoniyatim yo‘q.
— Imtihonlardan o‘tishim qiyin, lekin ishchan xodimman.
— Hukumatda yodlovchilar nima uchun kerak? U yerda g‘oyalarga ega kishilar zarur!

Feodalizm

1066 yilda Garold ismli hukmdor Angliya qiroli deb e’lon qilindi. Biroq uning raqibi, Vilgelm Normandskiy (kelib chiqishi Fransiyalik), taxtni o‘ziga tegishli deb hisoblardi. Vilgelm Angliyaga kelib, Garoldni jangda yengib (u halok bo‘ldi), Vilgelm Bosqinchi nomini olgan qirolga aylandi.

Vilgelm Normandskiy (1027–1087)

Angliyada Vilgelm o‘zga yurtlik hisoblanar, aholi unga ko‘p ham ishonmasdi. Shu sababli yangi qirol yakka hokimlikka asoslangan boshqaruv shakllaridan biri — feodalizmni tanladi. Ushbu monarxiya turi Angliyada yuzlab yillar davom etdi. U quyidagicha qurilgan edi:

Qirol: — Butun yer menga tegishli.

Baronlar (170 ga yaqin): — Biz qirolga soliq to‘laymiz va unga sodiq bo‘lishga qasamyod qilamiz. Qirol sadoqat evaziga bizni yer bilan mukofotlaydi.

Ritsarlar (6000 ga yaqin): — Biz baronlarga soliq to‘laymiz va urush yuz berganda ular uchun jang qilishga va’da beramiz. Baronlar uy qura olishimiz uchun bizga yer ajratadi.

Dehqonlar (qolgan xalq): — Biz ritsarlarga soliq to‘laymiz. Ritsarlar bizga o‘z yerlarining unchalik katta bo‘lmagan qismiga ishlov berishga ruhsat beradi.

Heroes of Might & Magic III O’yinda O’rta asr qal’asi

Dastlab qaraganda hammasi yaxshi, biroq dehqonlarga rahmingiz keladi. Aslini olganda, kishilar Vilgelm hokimiyatiga qarshilik ko‘rsatishga uringanlar. U mustabid hokim, cheklanmagan hukmdor bo‘lib, ko‘ngliga kelgan ishni qila olgan. Uning davrida isyon qilishga urinishlar qat’iy bostirilgan.

Mutloq monarxiya

Mutloq monarxiya, yoki absolyutizm, — boshqaruv shakli bo‘lib, unda barcha hokimiyat monarx: qirol (shoh) yoki qirolicha (malika) qo‘lida to‘plangan bo‘ladi. Bunday boshqaruv 17–18 asrlardagi Yevropa uchun xos. Eng mashhur mutloq monarxlardan biri Fransiya qiroli Lyudovik 14-chi (1643–1715) bo‘lib, u «quyosh-qirol» deb ham ta’riflangan. U hokimiyat tepasida qolish uchun turfa usullardan foydalangan.

Lyudovik XIV (1638–1715) — qirol (1643 yildan).

Urush g‘alabalari
Lyudovik armiyani qudratli va Yevropadagi eng zamonaviy armiyalardan biriga aylantirish uchun pulni ayamagan. U mamlakat sarhadlarini xavfdan qutqarish uchun qo‘shinni dushmanlar bilan jang qilishga yuborgan.

Ijobiy qiyofa
Lyudovik mamlakat ichkarisidagi oppozitsiyani, ayniqsa o‘zi mansub bo‘lgan katolik cherkov dushmanlarini bostirib turdi.

Pullar
Lyudovik unga yanada ko‘proq pul tushishi uchun Fransiya soliq tizimini isloh qilgan.

Qo‘rqitish
Lyudovik mamlakat ichidagi qarshiliklarni, ayniqsa o’zi mansub bo’lgan katolik cherkovining dushmanlarini bostirdi.

Sodiq maslahatchilar
O‘tmishda qirol maslahatchilari bo‘lib aslzoda oilalardan chiqqan boy va nufuzli dvoryanlar xizmat qilgan. Lyudovik kambag‘alroq kishilarni yollay boshladi: ularning ahvoli butunlay qirolga bog‘liq bo‘lib, ular uning gapini qaytarishga moyil bo‘lmagan.

Ilohiy qismat
Lyudovik dunyoga kelgunicha uning ota-onasi 23 yil farzand ko‘rish istagida bo‘lganlar. Shu sababli uni ilohiy tuhfa deb hisoblashar, qirolning o‘zi ham bunga ishonar edi. U taxt unga Xudoning irodasi bilan berilgan deb ta’kidlar edi.

Markazlashuv
Lyudovik davrigacha Fransiyaning chekka o‘lkalari o‘z qonunlari va soliq qoidalari bo‘yicha yashashi mumkin bo‘lgan. Lyudovik o‘z mamlakatini bevosita markaziy hukumatga bo‘ysundirgan.

Zodagonlar nazorat ostida

Lyudovikka eng ko‘p muammolarni zodagonlar keltirgan. Yirik feodallar Lyudovikning otasiga qarshi ko‘p martalab qo‘zg‘olon qilganlar, hatto Parij ham isyon ko‘targan. Chiqishlarning oldini olish uchun Lyudovik bosh ko‘tarishi mumkin bo‘lgan fitnachilarga o‘zining Versaldagi saroyida yashashni buyurib, ular bu yerda nazorat ostida bo‘lganlar.

Lyudovik 14 Versalda shahzoda Kondening qabuli (1674)

Zodagonlar qirolga ertalabdan tungacha xizmat qilishga majbur edilar. U saroydagi hayotni nihoyatda qimmatlashtirib qo‘ydi. Zodagonlar qarzga botib ketar va Lyudovikka ko‘mak so‘rab murojaat qilar edilar. Ular endi unga qaram bo‘lib qolgan edilar. fitnalarga ularning vaqti ham, puli ham qolmagan edi.

O‘z-o‘zini boshqarish

Taxminan bundan 300 yil avval Shimoliy Amerikaning sharqiy qirg‘oq bo‘yidagi Yevropa mustamlakalari Britaniya imperiyasiga tegishli hududlar hisoblanardi. 1770-yillarda o‘zini vatanparvar deb e’lon qilgan mustamlakachilarning nufuzli guruhi bu holatni adolatsiz deb baholab, o‘z-o‘zini boshqarish huquqini talab qildi.

Boston choyxo‘rligi (1773)

1773 yilda britaniyaliklar mustamlakachilarning fikrini so‘ramasdan sayt uchun soliqni ko‘paytirdilar. Buning natijasida “Boston choyxo‘rligi” sifatida mashhur bo‘lgan isyon ko‘tarildi:

  • 1773 yil. Bostonga choy yuki kelib tushadi.
  • Vatanparvarlar kemaga bostirib kirib, 342 ta choyli qutilarni kema devoridan tashlab yuborganlar.
  • Britaniyaliklar to‘lov talab qildilar, biroq vatanparvarlar buni rad etadilar.

Britaniya o‘n uchta viloyatni boshqarar edi, ular hozirgi kunda shtatlar deb nomlanadi. “Boston choyxo‘rligi”dan so‘ng vatanparvarlar shtatlarda o‘z hukumatlarini tashkil qila boshladilar. Ular britaniya qonunlariga bo‘ysunishdan bosh tortdilar. 1776 yilda o‘n uchta shtat Britaniyadan ajralib chiqish haqida e’lon qildi va Mustaqillik uchun urush boshlandi.

Janglar yetti yil davom etdi. Oxir oqibat Britaniya mag‘lubiyatga uchradi. U 1783 yilda Amerikani mustaqil, qirol hokimiyatidan ozod mamlakat deb tan oldi. Endi Amerika oldida yangi muammo: boshqaruv tizimini tanlash muammosi turardi.

Yangi konstitutsiya

Urush vaqtida har bir shtat o‘z konstitutsiyasini, ya’ni shtat hukumati amal qilishi zarur bo‘lgan qoidalar to‘plamini qabul qildi. 1787 yilda asoschi-otalar deb nomlanuvchi barcha o‘n uchta shtat vakillari Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida o‘zlarining yangi mamlakati — Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati uchun yangi konstitutsiyani muhokama qilish uchun uchrashdilar. Uchta tizimdan ilhomlangan uch ota:

  • Djeyms Medison: — Biz qadimgi Rim kabi respublika bo‘lishimiz zarur. Har kim boshqaruvda ishtirok etish uchun vakillarni saylash huquqiga ega bo‘lishi kerak.
  • Aleksandr Gamilton: — Biz Britaniyadagi kabi saylangan siyosatchilar guruhi — parlamentni tashkil qilishimiz zarur.
  • Bendjamin Franklin: — Biz o‘z Mustaqillik deklaratsiyamizga rioya qilishimiz zarur. Biz unga barcha kishilar teng huquqli bo‘lib yaratilgan deb yozib qo‘yganmiz.
AQSh asoschilarining otalari Mustaqillik deklaratsiyasini imzolashmoqda (1776)

1788 yilda asoschi otalar ushbu g‘oyalarni birlashtirib, yangi konstitutsiyani tuzdilar. 1789 yilda ular uzoq bahslardan so‘ng unga o‘nta tuzatishlardan iborat ro‘yxatni — Huquqlar to‘g‘risidagi billni qo‘shdilar.

Huquqlar to‘g‘risidagi billni (1789)

Konstitutsiyada mamlakatda bitta prezident, tayinlangan sudyalar, vakillar palatasi va senat bo‘lishi kerak deb ko‘rsatilgan.

Huquqlar to‘g‘risidagi bill ayrim kishilar va shtatlarning huquqlarini himoya qilishga chaqiradi, agar ular qullar va indeeslar bo‘lmasa.

Vakillik demokratiyasi

Amerika Qo‘shma Shtatlari konstitutsiyasi vakillik demokratiyasi deb ataluvchi boshqaruv tizimini yaratdi. U Qadimgi Afinaning dastlabki demokratiyasiga kuchli darajada o‘xshamasdek ko‘rinardi.

Qadimgi Afina — bevosita demokratiya
— Men fuqaroman. Men siyosiy masalalar bo‘yicha bevosita ovoz beraman.

AQSh — vakillik demokratiyasi
— Men ham fuqaroman. Men kongress a’zolari uchun ovoz beraman, va ular mening vakillarim sifatida bevosita rozi yoki qarshi ovoz beradilar.

Amerika hamjamiyati Afinanikiga qaraganda ancha katta va murakkab bo‘lganligi sababli masalalarni bevosita demokratiya orqali hal qilishni tashkillashtirish juda qiyin bo‘lar edi. Biroq yana bir jiddiy sabab bor edi. Asoschi otalardan biri Djon Adams uni ko‘pchilik tiraniyasi deb atadi. U bu g‘oyani fransuz faylasufi Aleksis de Tokvildan oldi.

Demokratiya tamoyillariga ko‘ra 51% saylovchilar ovoz bergan qaror qolgan 49 % kishilarni nochor yashashga mahkum etishi mumkin. Shu sababli oddiy demokratiya xatarli bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik tiraniyasining oldini olish uchun amerika konstitutsiyasi Rim respublikasidagi kabi bir nechta hokimiyat tarmoqlarining mavjud bo‘lishini nazarda tutadi.

Hozirgi kunda ko‘pchilik dunyo mamlakatlari vakillik demokratiyasi (o‘ziga xos xususiyatlarga ega) hisoblanadi. Nima uchun vakillik demokratiyasi bevosita demokratiyadan afzalroq? Mana bir nechta misollar.

  • Kishilarda har doim ham barcha qarorlarni qabul qilishga vaqt topilavermaydi.
  • Istalgan masala bo‘yicha umumxalq ovoz berishini uyushtirish sekin va qimmat kechadi.
  • Chunki vakillar o‘z sohasining bilimdonlari hisoblanadi.
  • Chunki ko‘pchilikni barcha ko‘rib chiqilayotgan masalalar qiziqtiravermaydi.

Eng yaxshi vakil

Sen ularning ismlarini bilmasliging mumkin, lekin sening ham vakiling borligi tayin. Sen uni xaridlar uchun yuborgan biror xizmatkor deb hisoblashing mumkin … biroq ko‘pchilik kishilar — shu jumladan asoschi otalar ham — vakillar ko‘proq ish qilishi zarurligini ta’kidlaganlar. Ular senga nisbatan yaxshiroq qaror qabul qilish uchun yetarlicha aqlli bo‘lishi zarur. Sof nazariy jihatdan olganda…

Davomi: Siyosiy tizimlar

--

--