Fikrlash doirangizni kengaytirishga yordam beruvchi 7 ta kitob (2-qism)

Khan Academy Oʻzbek Blog
4 min readFeb 1, 2020

--

Boshqalar nima desa ham ma’qullab turaverish faqatgina quyidagi holatda foyda berishi mumkin: …

Muallif: Jiofri Jeyms

1-qism bu yerda.

4. The Power of Habit (Odatlarning kuchi)

inc.com

Muallif: Charlz Duhig

Kitobning qisqacha mazmuni: Ma’lumki, inson biror holatga qisqa vaqt ichida odatlanib qoladi. Ushbu kitob esa mana shu xususiyatdan qanday qilib oʻz maqsadingizga erishish yoʻlida foydalanishingiz mumkinligi haqida yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi qoʻllanmadir.

Kitobdan parcha: “Soʻnggi oʻn yillikda kundalik turmush, jamiyat va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan vaqtda biz koʻnikib qolgan ish tarzi, odatlarimiz va tez-tez takrorlanuvchi harakatlarimiz psixologiyasi haqidagi bilimlarimiz ancha kengaydi. Hatto 50 yil oldin biz oʻzimiz haqimizda shu darajada koʻp ma’lumotga ega boʻlishimiz mumkin, deyilsa ham ishonish qiyin edi. Hozirgi paytda biz oʻz odatlarimiz nima uchun va qanday qilib paydo boʻlishi, oʻzgarishi va bu hodisa qanday mexanik ketma-ketlik asosida sodir boʻlishidan xabardormiz. Ularni qanday qilib boʻlaklarga boʻlish va oʻzimizning kuchli jihatlarimiz sifatida qaytadan kashf etishni oʻrgandik. Shuningdek, endilikda insonlarni kamroq ovqatlanish, koʻproq jismoniy harakatda boʻlish, yanada samaraliroq ish faoliyatini olib borish va sogʻlom turmush tarzini tashkil etishga qanday qilib oʻrgatish mumkinligidan ham boxabarmiz. Lekin ushbu odatlardan oʻzimizga kerakli maqsadlarda foydalanish tez va osonlikcha sodir boʻlmaydi. Shunga qaramasdan buni amalga oshirish mumkin.”

Qiziqarli fakt: Inson miyasi organizmdagi umumiy kislorodning 20 foizi va tanada aylanib yuruvchi qonning 20 foizini ishlatadi.

5. Moonwalking With Einstein (Eynshteyn bilan oy yogʻdusidagi sayr)

inc.com

Sarlavha: Hamma narsani eslab qolish san’at va fan sifatida.

Muallif: Joshua Foer

Kitobning qisqacha mazmuni: Ushbu kitobda jurnalist Joshua xotirani yaxshilash va rivojlantirish boʻyicha “aql sporti” ustalaridan oʻrgangan eng soʻnggi bilimlari bilan boʻlishadi.

Kitobdan parcha: “Miya mushakka oʻxshaydi. Xotira mashqlari esa uni yanada rivojlantirish va baquvvat qilishga xizmat qiluvchi asosiy vositadir. Vaqt oʻtishi bilan ular boshqa mashqlar singari miyani sogʻlom, chaqqon va epchil qiladi. Shunga qaramasdan, ma’lum baxtsiz hodisa yoki insonning qarishi sababli xotiraning tabiiy ravishda pasayishiga bu turdagi mashqlar qanchalik foyda berishi mumkin, degan haqli savol tugʻiladi. Lekin biz kuzatgan natijalar shubhaga oʻrin qoldirmadi: 47 yoshli ishtirokchi talab etilgan kamdan kam ishlatilinuvchi 100 ta soʻzni ushbu mashqlardan foydalangan holda bergilangan vaqtdan bir necha daqiqa ilgari oʻrganib boʻldi.

Qiziqarli fakt: Uygʻoqlikda miya 23 vattgacha elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Bu deyarli uchta iPhone’ni quvvatlantirish uchun yetarli energiyadir.

6. The Future of the Mind (Ongning kelajagi)

inc.com

Sarlavha: Ongni anglash, rivojlantirish va kuchaytirishga qaratilgan ilmiy izlanish

Muallif: Michio Kaku

Kitobning qisqacha mazmuni: Nevrologiya va fizikadagi soʻnggi yutuqlar bir nechta ilmiy-fantastik uydirma va toʻqimalar (ongni boshqarish, narsalarni masofadan turib ong orqali boshqarish va boshqalar) oxir-oqibat haqiqatga aylanishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Kitobdan parcha: “Ongimizga oid tushunarsiz mukammalliklarni anglab yetish uchun oynaga tikilib “Mana shu koʻzlarimiz ortida nima yashiringan?” deya savol berishimiz kifoya qiladi. Bu savol oʻz navbatida keyingi savollarni ham yetaklaydi: Bizda ruh bormikan-a? Oʻlimdan keyingi hayot qanday boʻlishi mumkin? Men oʻzi kimman? Va nihoyat ular “Men shunday ulkan borliqda qanday ahamiyatga egaman” bilan yakun topadi. Buyuk biolog Tomas Geksli aytganidek, insoniyat bilan bogʻliq har qanday savol bir-biridan qiziq. Biroq ular orasida eng qiziqarlisi insonning tabiatda oʻz oʻrniga ega boʻlishga harakat qilishi va uning koinotga boʻlgan munosabatiga oid soʻroqlardir.

Qiziqarli fakt: Miyaning birinchi muvaffaqiyatli operatsiyasi taxminan miloddan avvalgi 7000 yillar (tosh davri)da oʻtkazilgan.

7. A Mind for Numbers (Raqamlar uchun aql)

scribd.com

Sarlavha: Qanday qilib matematika va algebra fanlarida ilgarilab ketish mumkin? (Hattoki algebradan “yiqilgan” boʻlsangiz ham)

Muallif: Barbara Okli

Kitobning qisqacha mazmuni: Muhandislik yoʻnalishi professori murakkab mavzularni osonlik bilan oʻrganish uchun muqobil va koʻpincha oddiy strategiyalarni taqdim etadi.

Kitobdan parcha: “Odatda maktablarda oʻrgatilganidek, matematika fanlarning onasi boʻlishi mumkin. U mantiqiy va mukammal tarzda qoʻshilishdan tortib koʻpaytirish va boʻlish orqali matematik goʻzallik osmoniga koʻtariladi. Shunga qaramasdan, u yovuz oʻgay ona boʻlishi ham mumkin: misol ishlashda biror ketma-ketlikni buzsangiz yoki kichik bir jihatni e’tibordan chetda qoldirsangiz ham u sizni kechirmaydi. Bu hattoki oilaviy hayotning buzilishi, yonib ketgan oʻqituvchi yoki sogʻliq bilan bogʻliq biror muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Yoki menda boʻlgani kabi, shunchaki, bu fanga boʻlgan qiziqish soʻnib qoladi.”

Qiziqarli fakt: Ba’zi tadqiqotchilar insondagi neyronlar kvant kompyuterlardir, deb hisoblashadi. Bu esa miya dunyodagi barcha raqamli kompyuterlardan ham kuchliroq ekanligini anglatadi.

Manba: Inc.com

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering. Rahmat :)

--

--

Khan Academy Oʻzbek Blog

Bepul taʼlim – barcha uchun har yerda va hamisha. Foydali maqolalar bilan boʻlishamiz. xanakademiyasi.uz loyihasining rasmiy blog sahifasi.