“Karantin — bu imkoniyat” yoxud xususiy taʼlim bozorining kelajagi
Maqola spot.uz saytidan olindi va Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
Pandemiya nafaqat Oʻzbekistondagi, balki butun dunyodagi menejer (ish yurituvchi)lar uchun yaxshi saboq boʻldi: biznesning “tor” jabhalari ochildi. Taʼlim bozori ham bundan mustasno emas.
Pandemiya sababli masofaviy taʼlim karantin sharoitida bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishning yagona imkoniga aylandi. Maʼruza hamda mashgʻulotlar Zoom va boshqa dasturlardan foydalangan holda oʻtkazilmoqda. Maktab oʻquvchilari uchun esa maxsus televizion darslar tashkil etildi va bular keyinchalik ham davom etar, ehtimol.
Taʼlim muassasalarining asoschilari hamda rahbarlari Spotʼga taʻlim sohasi endi qanday rivojlanishi, onlayn taʼlimning karantindan keyingi ahamiyati va soha samarali faoliyat olib borishi uchun hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bayon etdilar.
Aksariyat oʻquv markazlari qayta ochilmaydi
“RoboKidz” maktabi asoschisi, NEST yosh tadbirkorlar maktabi hammuassisi Timur Azamatovning soʻzlariga koʻra, pandemiya yuzaga keltirgan vaziyat nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda menejer (ish yurituvchi)lar uchun yaxshi saboq boʻldi: biznesning “tor” jabhalari ochildi.
Moliyaviy mablagʻ, mijozlar bazasi va sinovdan oʻtgan xizmat koʻrsatish jarayonlariga ega boʻlmagan tadbirkorlarning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Gap barcha faol muhokama qilishga shoshilayotgan inqirozga qarshi boshqaruvda emas, balki ilgari biznes yuz berayotgan oʻzgarishga tayyor boʻlish uchun nimalarni amalga oshirganida.
“Onlayn taʼlim — mutlaqo oʻzgacha yondashuv. Nafaqat internetda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan raqobatlashishga, balki, eng avvalo, televizor, kompyuter oʻyinlari, muzlatgich va boshqa yoqimli vaqt oʻtkazish vositalari bilan bellashishga toʻgʻri keladi. Bu oʻquvchilar diqqatini nazorat qilish, ularning munosabatini kuzatish va noverbal muloqot usullarini qoʻllash mumkin boʻlgan sinf darsi emas. Koʻpchilik o’qituvchilarimiz bunday sharoitda ishlashning uddasidan chiqa olmadi”, — deya tushuntiradi mutaxassis.
Shuningdek, u taʼlim sohasi (asosan, xususiy taʼlim) sezilarli darajada oʻzgaradi: koʻproq oʻyin koʻrinishidagi taʼlim metodlari va masofaviy oʻqitish usullaridan foydalanila boshlaydi, degan fikrda. Inqiroz paytida yaratilgan ulkan hajmdagi axborot resurslaridan ham faol foydalaniladi.
“Karantindan keyin mazkur sohani tiklashga yordam berish uchun taʼlim bozoriga kirishni soddalashtirish va imtiyozlar joriy etish zarur. Ammo aksariyat oʻquv markazlari, shuningdek, koʻplab kafe va restoranlar endi qayta ochilmaydi”, — deydi Timur Azamatov.
“Bozordagi vaziyat allaqachon oʻzgargan va u bundan buyon faqat oʻsib boradi. Hozir u juda koʻp yangi mijozlarga ega. Biznesni toʻgʻri rivojlantirish orqali biz faqat oʻsishni kuzatamiz. Bundan tashqari, masofaviy taʻlimni sinab koʻrmaganlarning aksariyatida allaqachon yangi odat shakllangan — bu vaqt oʻtishi bilan odatiy holga aylanadi”, — deya izohlaydi tadbirkor.
Soliq imtiyozlari yordami
BePro IT Academy dasturchilar oʻquv markazi ijrochi direktori, “Sales School” oʻquv markazi hammuassisi Diyas Mutalov onlayn taʼlimning qonuniy asoslarini toʻliq ishlab chiqish kerak deb hisoblaydi:
“Mening vaziyatimda oʻquv markazlari faoliyatini taqiqlash hamda onlayn xizmat koʻrsatish imkoniyati toʻgʻrisidagi maxsus komissiya qarorining nomuvofiqligi katta muammo boʻlgan. Bir qarashda taqiqlangandek, ammo qanaqasiga bunday boʻlishi mumkin?” — deydi u.
Karantinda koʻplab oʻquv markazlari ijara haqini toʻlash, oʻqituvchilarni ish bilan taʼminlash singari jiddiy muammolarga duch keldi. Bunday vaziyatda yillik soliq imtiyozlari oʻquv kurslariga katta yordam bergan boʻlardi. Bu oʻqish narxini pasaytirish va bilvosita ishsizlik bilan bogʻliq holatni yumshatish imkonini beradi.
“Shuningdek, soliq imtiyozlari oʻquv markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yordam beradi. Soliq toʻlovlaridan ozod qilish miqdori oʻqitilgan kishilar soni, shu jumladan, imtiyozli shartlardan (nogironlar, kam taʼminlanganlar va boshqalar) kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin”, — deydi mutaxassis.
Uning fikricha, IT sohasida turli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish jarayoni jadallashadi. Oʻzini-oʻzi band qilishga imkon beruvchi kasblar (tikuvchilik, santexnika, elektr taʼmiri va boshqalar)ni oʻrgatadigan kurslar uchun ehtiyoj tugʻiladi. Psixologik va shaxsiy rivojlanish bilan bogʻliq yangi yoʻnalishlar paydo boʻladi.
Taʼlimga boʻlgan ehtiyoj oshib boradi, alohida fanlar boʻyicha esa talab geometrik progressiyada oʻsib boradi. Shu bilan birga, Diyas Mutalov masofaviy taʼlim olish imkoniyatiga ega va ega boʻlmaganlar oʻrtasida (ham sifat, ham miqdor jihatidan) katta farq paydo boʻladi, deydi.
Onlayn platformalar ommalashadi, ammo buning uchun vaqt kerak
Khan Academy Uzbek platformasining ijrochi direktori Elbek Baxromovning kuzatuvlariga koʻra, maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari ikki oy davomida asta-sekin masofaviy taʼlimga moslashmoqda. Oʻzbekistonning taʼlim tizimida busiz ham turli oʻzgarishlar kuzatilayotgan edi, televizion taʼlimga o‘tish esa aholi uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.
“Hamma oʻquv markazlari ham onlayn oʻquv jarayonini tashkil eta olmadi, maktablar haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Pandemiya boshlanganidan keyingina ushbu faoliyat shakliga tayyorgarlik koʻrish kerakligini tushunib yetdik. Avval onlayn dasturlarga ulanish tartibini tekshirish uchun sinov mashgʻulotlar oʻtkazish, soʻng oʻquvchilar masofaviy oʻzlashtirishning qay darajada uddasidan chiqayotganini kuzatib borish kerak edi. Kelgusida jiddiy muammolarga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻqituvchilar va oʻquvchilarimizni eng yangi texnologiyalar bilan tanishtirib borish lozim”, — deya taʼkidlaydi u.
Karantin yuzaga keltirgan birinchi ruhiy zarbadan keyin bir qator maktablar va oilalarda masofaviy taʼlim imkoniyatlariga qiziqish ortadi. Agar karantin yana uzoq davom etsa, hammaning ushbu tuzumga moslashishiga toʻgʻri keladi.
Maktab taʼlimidagi kamchiliklarga kelsak, Elbek Baxromovning fikricha, Oʻzbekistonda ikkita muammo mavjud:
- Koʻpchilik uchun taʼlim faqat davomat, konspekt va diplomdan iborat. Aksariyat ota-onalar, oʻquvchi va oʻqituvchilar taʼlimda shularnigina muhim deb biladi.
- Texnologiyalarni oʻqitish va internet tezligining darajasi past.
Onlayn taʼlim bozorining paydo boʻlishi haqida gapirishga hali erta. Endi faoliyat boshlagan tadbirkorlar kamida bir yil zararga ishlaydi. Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, rivojlanish darajasi va samaradorligi bilan tanilgan Coursera 2012-yilda paydo boʻlgan. Oʻsha paytlarda boshqa taniqli platformalar ham paydo boʻla boshlagan, ammo Oʻzbekistonga hali vaqt kerak.
“Taʼlim kelajagi yangi turdagi mutaxassislarning, jumladan, onlayn taʼlim sohasida elektron taʼlim metodistlari va trener-oʻqituvchilari, onlayn platformalar koordinatorlari, alohida taʼlim dasturlari loyihachilarining paydo boʻlishiga bogʻliq. Bular yaqin kelajakda yetakchi kasblarga aylanadi”, — deydi Elbek Baxromov.
Hozirgi inqiroz Khan Academy Uzbekʼka oʻz auditoriyasini kengaytirish imkonini berdi. Odatda, xalq taʼlimi tizimining tezkor oʻzgarishlarni joriy etishi qiyin kechadi. Aksariyat hududlarda taʼlimni modernizatsiyalashtirish uchun moddiy resurslar yetarli emas. Biroq Xalq taʼlimi vazirligi onlayn taʼlim imkoniyatlarini mutlaqo eʼtibordan chetda qoldirdi deb boʻlmaydi. 2019-yilda vazirlik tomonidan qoʻshimcha taʻlim uchun aynan ushbu platformadan foydalanish taklifi ilgari surilgan buyruq chiqqan.
Xususiy kompaniyalar, shuningdek, maktab taʼlimi tizimi loyihalarida ishtirok etdi. Ular orasida “Kundalik” elektron maktab jurnali ham bor. Hozircha bu yordamchi xizmat boʻlsa-da, ijtimoiy masofa saqlash rejimida innovatsiyalarni tatbiq etish koʻlami sezilarli darajada oshishi mumkin.
Elbek Baxromov mazkur jarayonni qanday yaxshilash mumkinligi toʻgʻrisida oʻz fikrini bildirib oʻtdi:
- kontent, kontent va yana kontent. Koʻpchilik internet qanchalar foydali resurslar bilan toʻlib-toshganini tasavvur ham qilolmaydi. Buning ortida oʻzbek tilidagi kontentning kamligi va xorijiy tillarni yaxshi bilmaslik muammosi yotibdi;
- internet;
- onlayn oʻquv xizmatlarini maktab ehtiyojlariga moslashtirish juda muhim. Video darslarni tashkil etish bir vaqtning oʻzida butun sinfni jamlab, toʻlaqonli maktab darslarini oʻtishdan farq qiladi;
- ota-onalar, bolalar, oʻqituvchilar hamda vazirliklardan iborat auditoriyalarni oʻqitish.
Bozor tomonidan taqdim etilayotgan taʼlim mahsulotlariga eʼtibor qaratish, imkoniyatlarni diqqat bilan oʻrganib chiqish zarur. Ayni paytda taʼlim tizimida tezkor islohotlar va modernizatsiyalashtirish uchun har qachongidan ham qulay sharoit mavjud. Shu paytgacha maktablar darslarni onlayn tizimga oʻtkazishga urinib koʻrmadi, ammo masofaviy taʼlim imkoniyatlarini kutilmaganda sinovdan oʻtkazish mavjud yondashuvni oʻzgartirishi mumkin.
Mutaxassisning fikricha, karantin mavjud formatlarni qayta qurish, yangilarini sinab koʻrish va ilgari ilojsiz boʻlgan keng omma eʼtiborini jalb qilish imkoniyatini yaratdi. Karantin bekor qilinganidan soʻng roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar platformada qoladi, ammo ularning ishtiroki kamayadi.
Agar karantin holatlari takrorlansa, mamlakat boʻylab sinovdan oʻtgan mahsulotlardan kelajakda zaxira tizimlari sifatida qayta foydalanish mumkin boʻladi. Inqiroz takrorlanmagan taqdirda, individual oʻquvchilar yoki chekka hududlardagi maktablar orasida masofaviy taʼlim texnologiyalariga boʻlgan talab saqlanib qoladi.
Bugungi kunda butun dunyo boʻylab oʻnlab masofaviy taʼlim tizimini boshqarish dasturlari faoliyat yuritmoqda. Masalan, LMS (Learning Management System) onlayn taʼlim sohasidan koʻtarilib chiqqan. Edu-Actionʼdan namuna olgan konsalting markazlari oʻz resurslarini ishga tushirmoqda. Bu boʻlgʻusi abituriyentlarga chet eldagi taʼlim va qabul masalalari boʻyicha malakali maslahatchilar bilan bevosita bogʻlanish imkonini beradi.
“Bulutli texnologiyalar toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Endi oʻqituvchilar ham ulardan foyda koʻradi. Oʻquvchi va oʻqituvchilar bulutda saqlanuvchi dars jadvallari, uy vazifalari va boshqa hujjatlarga kirishlari mumkin. Talabalar internetga ulangan har qanday joyda masofadan turib test topshirishlari yoki loyihalarni amalga oshirishlari mumkin. Oʻqituvchilar esa maktabga murojaat qilmasdan mustaqil topshiriqlar berishi mumkin”, — deydi Elbek Baxromov.
Taʼlimga oʻyin metodlarini olib kirish, yaʼni maktab fanlarini oʻyin shakliga oʻtkazuvchi dasturlarni yaratish masalasi dunyo boʻylab muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu bugungi kunda eng istiqbolli tamoyillardan biridir. Oʻyinlar doimo taʼlimning ajralmas qismi boʻlib kelgan, ammo texnologiyalar va elektron qurilmalarning rivojlanishi ularni alohida oʻquv sohasiga aylantirdi.
Oʻyinda boʻlgani kabi, darsda ham oʻquvchilar bilim va tajribaga ega boʻlib, bir darajadan boshqasiga oʻtadi. Albatta, mazkur usul asosiy oʻquv metodiga aylanmasligi mumkin, ammo ushbu masala boʻyicha faol izlanishlar olib borilmoqda.
Onlayn taʼlim kutilganidan-da koʻp foyda keltirdi
“Inter Nation school” oʻquv markazi hammuassisi Bekzod Maqsudovning fikricha, oʻquv muassasalarining oz qismi masofaviy taʼlimga oʻtdi. Sababi Oʻzbekistondagi universitet va maktablar bunday keskin oʻzgarishlarga tayyor emas edi.
Koʻplab davlat maktablari televizion darslarga oʻtdi, ayrim xususiy maktablardagina rahbariyat oʻqituvchilarni Zoom orqali onlayn darslar oʻtishga majbur qila oldi.
Uning taʼkidlashicha, xuddi shu holat oʻquv markazlarida sodir boʻlmoqda — ularning sanoqli qismi onlayn rejimga oʻtishga muvaffaq boʻldi. Buning jiddiy sabablari bor. Agar taʼlim onlayn tizimda tashkillashtirilsa, uning narxi kamida ikki baravar kamaytirilishi kerak — sifat jihatidan uni jonli mashgʻulotlar bilan taqqoslab boʻlmaydi.
Oʻzbekistonda barcha oʻquv markazlari ham narxni ikki baravarga tushirib, foyda koʻrishning uddasidan chiqa olmadi. Agar kichik oʻquv markazlari shunday yoʻl tutganida, zarariga ishlagan boʻlar edi.
“Onlayn taʼlimdan katta foyda kutmagan edim, ammo u 70%−80% talabni saqlab qoldi. Aytaylik, uch oy oldin mening besh mingta oʻquvchim bor edi. Ulardan faqat 1,5–2 ming kishi masofadan taʼlim oladi, deb oʻylagandim. Ammo, xayriyatki, koʻpchilik chegirma bilan onlayn bilim olishga rozi boʻldi”, — deydi Bekzod Maqsudov.
Uning fikricha, sohadagi oʻzgarishlar karantin muddatiga bogʻliq. Oʻzbekistonda xususiy taʼlim sektori ikkita katta muammoga duch kelishi mumkin. Birinchisi — ijara puli, ikkinchisi — oʻqituvchilarning ish haqi.
Agar karantin tez orada tugasa, aksariyat oʻquv muassasalari ilgari ishlagan ijara ofislarini saqlab qolishlari mumkin. Karantin muddati choʻzilgan taqdirda, hamma ham oʻz joyini saqlab qololmaydi. Ijarachilar oʻquv markazlarining toʻlovga layoqatsizligi sababli binolarni boshqa biznes egalariga topshiradilar.
“Kelgusida masofaviy taʼlimga boʻlgan talab qanday boʻlishiga kelsak, koʻpchilik ijtimoiy masofalanish yaqin orada tugamasligi va vaqtni bekorga sarflamaslik kerakligini tushuna boshladi. Chekka hududlarda ham onlayn taʼlimga oʻtish boshlandi. Men bunga sarmoya kiritaman, chunki kelgusi yillarda talab oshishi mumkin”, — deydi mutaxassis.
Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering.