Qiziqarli biografiya: Mahatma Gandi

Khan Academy Oʻzbek Blog
4 min readJun 5, 2020

--

xanakademiyasi.uz

Hind milliy ozodlik harakatining rahbarlaridan biri.

Mahatma Gandining hayoti hind xalqining oʻz mustaqilligi uchun olib borgan kurashi bilan bogʻliq. Bolaligida u juda ham tortinchoq, oʻta taʼsirchan bola boʻlgan. Shunga qaramay, u 18 yoshida Londonga mustaqil sayohat qilish uchun jurʼat topa oldi. O’sha yerda u huquqshunoslik boʻyicha oliy maʼlumot oladi.

Kuch ishlatmaslik tamoyiliga asoslangan harakat usuli

Sud jarayoni

1895-yilda M.Gandi sud jarayonida hind firmalaridan birining manfaatini himoya qilish uchun Janubiy Afrikaga borgan. U yerga borgach, hind, habash va boshqa oq tanli boʻlmagan aholi vakillarining muammolari koʻpligini anglagan Gandi ularga yordam berish uchun Afrikada qoladi. Gandi 1893–1914-yillarda oʻsha yerda yashab, shu mamlakatda istiqomat qiladigan vatandoshlarining manfaatini himoya qilgan. Ularni sudda himoya qilib, yaxshigina boylik orttirgan, keyinchalik mashhur advokatga aylangan.

Aynan oʻsha paytlari Mahatma oʻzining kuch ishlatmaslik tamoyiliga asoslangan harakat usulini ishlab chiqadi. Bu gʻoyaning mazmuni har qanday kuch ishlatishdan voz kechgan holda adolatsiz qonunlarga nofaol qarshilik koʻrsatish edi. Tez orada Mahatma oʻz boyligidan voz kechib, oddiy hayot kechira boshlaydi.

Hali-hanuz Buyuk Britaniya mustamlakasi boʻlgan Hindistonda fuqarolarning boʻysunmaslik usuli keng tarqalgan. Uning maʼnosi shunday: odamlar hukumat qarorlarini qabul qilishadi, lekin bajarishga shoshilishmaydi. Bunday sust qarshilik koʻrsatish inglizlarning murosaga kelib, bir qator islohotlarni oʻtkazishiga sabab boʻlgan.

1915-yilda Hindistonga qaytib kelgan Gandi tez orada Hind milliy kongressini boshqara boshlaydi. Bu davrda u oʻz Vatanida inglizlar hukmronligiga qarshi biror marta chiqish qilmagan. Ammo 1919-yil voqealarida askarlar qurolsiz hind olomonini oʻqqa tutadi. Ular taxminan 400 kishini oʻldirib, 1000 dan ortiq odamni yaralagach, Gandi oʻz qarashlarini oʻzgartirdi.

Britaniya hukumatiga qarshi kurashi

Mahatma Gandi

Mahatma Gandi 20 yil mobaynida mustaqillik uchun Britaniya hukumatiga qarshi kurashda boshchilik qilgan, bir necha marotaba hibsga olingan. 1922-yilda u 2 yil muddatga qamaladi. Lekin baribir oʻz dushmanlariga yomonlikni ravo koʻrmagan Gandi ulardan na gʻazablangan, na nafratlangan. Gandi shu tariqa muxoliflarga oʻz ishi toʻgʻri ekanligini uqtirmoqchi edi. Ozodlikka chiqqach, Gandi siyosatdan uzoqlashib, Hindiston boʻylab safar qiladi. Ushbu sayohat davomida u insonlar hayotini yanada yaxshiroq oʻrganib, uni yaxshilashga harakat qilgan.

Gandi shu yillari hind tabaqalaridan eng quyi — hazar qilinadiganlar (chandallar) qatlamining haq-huquqlarini oʻzgartira oldi. Shuningdek, u barcha millat va elatlarning mustaqil yashashlari kerakligiga ishongan. Mahatma Gandi har kunning bir qismini uy kiyimlari tikishga sarflab, insonlarga shaxsiy namuna orqali taʼsir qilishga uringan. Uning nazdida, Amerika va Yevropada sanoatning rivojlanishi ekspluatatsiya (majburlash), qashshoqlik hamda ochkoʻzlikka olib kelgan.

1929-yilda milliy siyosatchilar Buyuk Britaniyaning Hindistonga mustaqillik huquqini bermasligi hamda ularning nofaol harakatlari mahalliy aholi oʻrtasida yanada koʻproq gʻalayonlarga sabab boʻlishini anglab yetadilar. Mustamlaka hukumatning yonini olish va bir vaqtning oʻzida xalqni baxtli qilishning imkoni yoʻqligi maʼlum edi.

1930-yilda sayohatdan qaytib, hukumatga qarshi oʻzining ikkinchi kampaniyasini boshlagan Gandi bu safar yanada koʻproq tarafdorlarni toʻplashga erishadi. Unga mashhurlik keltirgan tadbirlardan biri oʻziga xos tuz qoʻzgʻoloni edi.

Tuz qoʻzgʻoloni

Tuz qoʻzgʻoloni

Hindiston aholisi, oʻzlarida kam xarajat bilan tuz ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligiga qaramay, uni hukumatdan sotib olishga majbur edi. Shu bois Gandi suvdan tuzni ajratib olish maqsadida 32 kilometr uzoqlikda joylashgan Dandi hududiga boradi. Avvaliga hukumat uning oʻziga xos norozilik namoyishini eʼtiborga olmaydi. Lekin keyinchalik minglab odamlar Gandiga qoʻshilishgan. “Biz Xudo nomi ila olgʻa bormoqdamiz”, — degan Gandi. U oʻz tarafdorlariga tuzni mustaqil topishni oʻrgatgan. Mahalliy amaldorlar ham ommaviy ish tashlab, harakat tarafdorlariga qoʻshilishgan. Tuz qoʻzgʻoloni jamoatchilikning kuchli munosabatiga erishgan, butun dunyo jurnalistlari esa ushbu harakatni qoʻllab-quvvatlaganlar. Lekin Gandi hamda uning eng yaqin maslakdoshi — Hind milliy kongressi raisi Javaharlal Neru hibsga olinadi.

1931-yilda Hind milliy kongress rahbarlari qirolichaning vakili, vitse-qirol Irving bilan uchrashib, Dehli bitimini imzolashgan. Fuqarolarning totuvligi uchun dastlabki qadam boʻlgan bu ish oʻz-oʻzidan butun boshli mamlakatni milliy mustaqillikka olib borishga qaratilgan. Lekin 1935-yilda boshlangan jarayon keyinchalik Ikkinchi jahon urushi munosabati bilan toʻxtatilgan.

Endi Gandi oʻylanib qolgan edi: Britaniyani Gitlerga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlash kerak boʻlsa-da, bu yomonlikka qarshi chiqmaslik siyosatiga zid boʻlgan. Buning ustiga, ikkinchi marta hibsga olingach, siyosatdan uzoqlashmoqchi boʻlgan Gandi soʻnggi paytlar siyosat bilan shugʻullanmagan. Gandi hamkorlik taklifiga rad javobini bergan va Angliyaning urushdan chiqishini talab qilgan. Natijada u boshqa kasaba uyushma arboblari bilan yana qamaladi.

Gandi 1944-yilda ozod qilinganidan soʻng ozodlik uchun kurashishda davom etadi. Bu kurash hind va musulmonlar oʻrtasidagi nizolar bilan yanada murakkablashgan. Gandi ixtilofga qarshi behuda kurashgan, lekin bu baribir sodir boʻldi va 1947-yilda mustaqil musulmonlar davlati Pokiston tashkil topdi.

Shu yili Hindiston mustaqillikka erishdi. Keyinchalik hind musulmonlari qirgʻinlariga qarshi chiqqan Gandini ibodat paytida din mutaassiblaridan biri oʻldiradi.

Mahatma Gandining Londondagi haykali

Mahatma xalq xotirasida ustoz boʻlib qoldi. Buning boshqa maʼnosi — buyuk qalbdir. M.Gandi taʼlimoti (Gandizm) milliy ozodlik harakatlari dasturi boʻlib, butun dunyoda millionlab oʻz tarafdorlarini topdi.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering.

Maqola Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan tayyorlandi. Ushbu maqolani doʻstlaringiz bilan ulashing va bizni onlayn kuzating:
Telegram | Instagram | Facebook | Youtube | Medium | Vebsayt

--

--

Khan Academy Oʻzbek Blog

Bepul taʼlim – barcha uchun har yerda va hamisha. Foydali maqolalar bilan boʻlishamiz. xanakademiyasi.uz loyihasining rasmiy blog sahifasi.