Qiziqarli biografiya: Yuriy Gagarin

Khan Academy Oʻzbek Blog
4 min readJul 17, 2020

--

xanakademiyasi.uz

Sobiq Ittifoq uchuvchi-kosmonavti, fazoda boʻlgan ilk inson.

Yuriy Gagarin taqdiri sinovchi-uchuvchi sifatida juda oddiy va qisqa boʻlgan. Ammo u bilan boʻlgan birgina hodisa nafaqat oddiy qishloq yigitining, balki butun Yer sharining hayotini oʻzgartirgan.

Gagarin unchalik katta boʻlmagan Gjatsk shaharchasida tugʻilgan. Bu shaharcha Moskva shahridan 400 kilometr uzoqlikda, Smolenskka yaqinroqda joylashgan. Hozirda u Gagarin nomini olgan. Boʻlajak fazogirning otasi duradgor edi. Yuriy ogʻir kechgan harbiycha bolalik hayotidan soʻng (shahar fashistlar tomonidan bosib olinib, batamom vayron qilingandi), 7-sinfni bitirgach, hunarmandchilik kasb-maktabiga oʻqishga kirdi.

Bu maktab taʼlimini tugatib, bir muddat metall quyuvchi boʻlib ishladi. Oʻsha davrlar DOSAAF aeroklubida planerda uchishni mashq qila boshlagan Gagarin Sovet armiyasi safiga chaqiruvdan soʻng, harbiy maktabga yuborildi va 1957-yilda uni bitirdi.

Yosh leytenant xizmatni bajarish uchun Shimolga yuborildi. U yerda “yangi texnikada uchish” uchun qabul haqida bilib qoladi. Aslida esa bu soʻzlar ortida kosmonavtika (fazogirlik) maktabi yashirin edi.

Gagarin kosmonavtika uchun nomzodlarning dastlabki guruhiga qoʻshildi. U paytlar hech kim insonni fazoda nimalar kutayotganligi va qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirish mumkinligini bilmas edi. Shu sababdan ham, mashgʻulotlar davomida nomzodlardan kuchli chidamlilik va qatʼiyatlilik talab etilardi. Ammo Gagarin barcha taʼlim jarayonlaridan aʼlo darajada oʻtdi va dastlabki fazoviy parvoz uchun nomzodlar safiga qoʻshildi.

Manba: gazeta.ru

Birinchi fazo kemasining oʻlchami unchalik katta emas edi, shu sababli ham nomzodlar ancha qatʼiy talablar asosida saralangan. Gagarin bir necha xususiyatlari sabab tanlandi. Uning boʻyi uncha baland emas va vazni yengil edi. Fazoviy texnologiyalar endigina yaratila boshlangani sabab, fazogirning ortiqcha vazn tufayli yoki oʻzini noqulay his qilib nobud boʻlishidan qoʻrqishar edi. Fazogirning oʻzi esa, shunchaki maneken sifatida qatnashdi.

Skafandr maxsus kursiga mustahkamlandi, u maʼlum balandlikka yetgach, uni uloqtirib yuboradi va fazogir parashyutda yerga qoʻnadi. Fazoviy texnikalar takomillashib boravergach, kosmonavtlar fazo kemasida erkin aralashib yurib, hattoki ochiq fazoga chiqa boshladilar.

Shunday boʻlsa-da, Gagarinning parvozida hammasi birinchi marta edi; kemani havoga koʻtarish uchun dvigatelning quvvati yetadimi, tormozlash tizimi fazogirning yerga qaytishini taʼminlay oladimi — hatto shularni ham bilishmasdi. 1961-yil 12-aprelda Qozogʻiston choʻllarida joylashgan Boyqoʻngʻir kosmodromidan “Vostok” fazoviy kemasi uchirildi. U soatiga 28000 kilometr tezlik bilan fazoga koʻtarildi.

Kosmonavt Yuriy Gagarin “Artek”da, 1967-yil. Manba: gazeta.ru

Gagarin Yerning ustki qismidan 302 km balandlikda uning atrofini bir aylanib chiqdi. Sayohat 1 soat-u qirq toʻqqiz daqiqa davom etdi. 12-aprel kuni ertalab apparat Saratov shahridan uncha uzoq boʻlmagan joyga qoʻndi. Bu parvoz insonning nafaqat fazoga koʻtarila olishi, balki Yerning belgilangan joyiga eson-omon qaytishini ham isbotladi.

Gagarinning parvozi haqidagi xabar butun dunyoga yoyildi. Birinchi fazogirni tantanali kutib olish xalqaro bayramga aylandi. Gagarin butun dunyoning qahramoniga aylandi. Barcha ilk fazogirni koʻrishni istardi. U bir necha mamlakatlarda boʻldi va koʻplab xorijiy mukofotlarni qoʻlga kiritdi. Vatanida unga oliy mukofot — Sovet Ittifoqi Oltin yulduzi munosib koʻrildi. Birinchi parvoz sanasi Kosmonavtika kuni sifatida nishonlana boshlandi.

Gagarindan soʻng “Vostok-2” kemasi fazoga koʻtarildi. Unda fazogir German Titov — Gagarinning sobiq sherigi amalga oshirgan parvoz bir sutkadan oshiq davom etib, u fazoda nafaqat tirik qolish, balki ishlash ham mumkinligini isbotladi.

Boshqa mamlakatlarda ham hamohang izlanishlar olib borildi. U davrlarda Sovet Ittifoqi va Amerika oʻrtasida fazoviy yetakchilik borasida oʻziga xos musobaqa borardi. Gagarinning parvozidan 3 hafta oʻtib, 1961-yil 14-mayda amerikalik fazogir Alan Sheppard “Jemini” kemasida fazoga koʻtarildi, ammo u Yer sharini aylanib ucha olmasdan, Tinch okeaniga quladi. Uning parvoz-sakrashi 15 daqiqagina davom etdi.

Uchuvchi-kosmonavt Yuriy Gagarin va uchuvchi-sinovchi Vladimir Seryoginning dafn marosimi. Manba: gazeta.ru

1968-yilda Gagarin N.Jukovskiy nomidagi Harbiy-havo akademiyasini bitirdi. Keyin u fazogirlar tayyorlash va taʼlimi bilan shugʻullana boshladi. Biroq Gagarin oʻquv parvozlaridan birida samolyotni havoga koʻtarishda xatolik tufayli vafot etdi. Ushbu ayanchli voqea butun mamlakatni larzaga keltirdi. Uni Qizil Maydonda milliy qahramon sifatida harbiy sharaf bilan dafn etishdi.

Moskvadagi Gagarin haykali. Manba: gazeta.ru

Gagarin xotirasiga talabalar otryadlari uning nomida shahar bunyod etishdi. U haqida qoʻshiqlar kuylandi, haykallar oʻrnatildi, Oyning ort qismidagi krater Gagarin nomi bilan ataldi. Koʻpchilik hali-hanuz uning yorqin tabassum bilan, keyinchalik mashhur boʻlib ketgan parvoz startidagi “Ketdik” soʻzini eslashadi.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering.

Maqola Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan tayyorlandi. Ushbu maqolani doʻstlaringiz bilan ulashing va bizni onlayn kuzating:
Telegram | Instagram | Facebook | Youtube | Medium | Vebsayt

--

--

Khan Academy Oʻzbek Blog

Bepul taʼlim – barcha uchun har yerda va hamisha. Foydali maqolalar bilan boʻlishamiz. xanakademiyasi.uz loyihasining rasmiy blog sahifasi.