Qiziqarli biografiya: Tomas Edison

Khan Academy Oʻzbek Blog
4 min readMay 25, 2020

--

Amerikalik ixtirochi Tomas Alva Edison butun umri davomida 1300 ga yaqin ixtirolar qilgan. Ular telegraf, telefon, kinoapparatura, xavfsiz elektr choʻgʻlanma lampa, dastlabki elektrovozlar, fonograf kabi ixtirolardir.

“Edison oʻz ixtirolari bilan dunyoni oʻzgartira olgan shaxs sifatida tarixda qoldi.” Uning faoliyatiga Amerika Kongressining Edisonni 60 yoshi bilan tabriklash uchun bildirgan murojaatida shunday yuksak taʼrif berilgan.

Kichkina Al, Tomasni oilada shunday chaqirishardi, juda harakatchan, ammo koʻp kasal boʻladigan bola edi. Erta bolalik chogʻlaridanoq u sekin rivojlanib boruvchi karlikdan aziyat chekardi. Shunga qaramay, maktabda yaxshi taʼlim ololmagan Edison onasi boshchiligida koʻp kitoblar mutolaa qilar edi. Keyinchalik u aynan onasi bilan oʻtkazgan mashgʻulotlari unda ixtirochilikka qiziqish uygʻotganini bir necha bor taʼkidlagan.

Edisonning yoshlik chogʻlari:

Edisonning yoshligi

Eng qiziqqan sohasi kimyo boʻlgan Al uyining chordogʻini haqiqiy laboratoriyaga aylantirgan edi. Tajribalarga kerakli kimyoviy moddalarni sotib olish uchun esa pul kerak. Shu pullarni oʻzi ishlab topish payida boʻlgan Edison maktabda oʻqib yurgan paytlari poyezdlarda gazetalar ham sotardi. 12 yoshida oilasidagi moliyaviy ahvol va oʻzining karligi tufayli oʻqishni tashlashga majbur boʻlgan. Biroq bu narsalar bolakayning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini soʻndirmadi. U koʻp oʻqishda davom etib, tirikchilik uchun gazeta sotish, kichik posilkalarni yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi firma ochdi. 12–14 yoshdagi bir guruh bolalar ham u bilan birga ishlashardi.

Birinchi muvaffaqiyatli ixtiro:

Ilk telegraf orqali ayol muloqot qilmoqda

Fuqarolik urushi yillarida Edison taʼlimni davom ettirib telegrafchilik kasbini egalladi. Aynan shu paytda u oʻzining birinchi ixtirosini yaratdi. Bu saylovda ovozlar sonini hisoblashga moʻljallangan oddiy va ishonchli qurilma edi. Ixtironi sotish uchun u Vashingtonga bordi, ammo saylov jarayonida har qanday qingʻirlikning oldini olishga qodir bu moslamani sotishga boʻlgan barcha harakatlar besamar ketdi. Oxiri Edison telegraflik firmalaridan biriga telegrafchi boʻlib ishga kirishga majbur boʻldi. Bir kuni uning firmasi birja savdosiga xizmat koʻrsatayotgan, ishlar eng qizigan vaqtda telegraf buzilib qoldi. Edison uskunani tuzatibgina qolmay, uni yanada mukammallashtirishga erishdi. Bu ixtirosi uchun u oʻsha davrlar oʻlchami bilan qaraganda fantastik hisoblangan 40 000 dollarga ega boʻldi. U bu mablagʻga zarur jihozlar sotib olib, Nyu-York yaqinidagi Menlo-parkda joylashgan oʻz firmasiga asos soldi. Shu damdan boshlab uning asosiy faoliyati ixtirochilik boʻldi.

Vaqtining deyarli hammasini u oʻz laboratoriyasida, uskuna va apparatlarni takomillashtirish uchun sarfladi. Biroq u yaratgan asosiy ixtirolarning barchasi elekr tokidan foydalanish bilan bogʻliq. 1881-yilda u rus olimi Lodigin qizdiruvchi yoritgich (lampochka)ning tejamkor namunasini ixtiro qilgani haqida bilib qoldi. Yoritgich uni qiziqtirib qoʻydi va Edison buning ustida ham ishlashga kirishib ketdi. Tez orada biz hozir ham foydalanadigan yoritgich nusxasi paydo boʻldi. Bu ixtironing mohiyati shunda ediki, u maxsus usulda oʻralgan ingichka volfram tolasidan foydalandi. Aynan shu tola elektr tokida qizdirilardi. Yoritgich ixtiro qilingach, Edison rezbali patron va elektr taʼminotini yoqib-oʻchiruvchi qurilmalarni ham yasadi. Bundan tashqari, yoritgichlarning uzoq muddatga yaroqliligini oshirish uchun u havoni itarishning puxta yoʻlini ham oʻylab topdi. Edison yana elektr tizimini ishlab chiqdi, elektr hisoblagich, yerosti kabellari, elektr uzatgich, elektr stansiyasi va dinamo-mashinasining konstruksiyalarini yaratdi. Biroz vaqt oʻtib, Nyu-Yorkda dunyodagi birinchi shahar elektr stansiyasi qurildi.

Nyu-Yorkdagi birinchi elektr stansiyasi

Elektr aloqalar bilan birgalikda Edison telegrafni ham yanada mukammallashtirdi. Bunda telegraf uzatgichlar orqali bir emas, qancha kerak boʻlsa, shuncha telegrammani bir paytning oʻzida joʻnatish mumkin edi. Bu esa telegraf xizmatlarining arzonlashuvi va sifatining yaxshilanishiga olib keldi. Koʻp yillar davomida Edison Aleksandr Grexem Bell tomonidan ixtiro qilingan telefon apparatini takomillashtirishga harakat qilib keldi. U ovoz baland va ravon eshitilishi uchun mikrofon joylashuvini oʻzgartirdi, telefon podstansiyalari loyihasini ishlab chiqdi. Bu, oʻz navbatida, katta shaharlarni uyali aloqa tarmoqlari bilan taʼminlashga imkon yaratdi. Edisonning yana bir ixtirosi: ovoz yozib olib-chiqaruvchi qurilma ham olamshumul shuhrat qozondi. U buni fonograf deb nomladi. Ixtironing ilk nusxalaridan birini dunyoga dovrugʻi ketgan yozuvchi Lev Tolstoyga atab Rossiyaga joʻnatdi.

Ixtirolarning barchasi aynan shu davr talablariga toʻgʻri kelib, osongina ishga tushirilardi. Edison laboratoriyasi koʻplab muhandis, olimlar va ishchilar faoliyat yuritadigan oʻziga xos ilmiy tadqiqot institutiga aylandi. Edison esa hammadan koʻp ishlardi.

Edison labaratoriyasi. Nyu Jersi, AQSh

Shu asnoda, Birinchi jahon urushi yillarida torpeda apparati va suvosti kemasi durbinining yangicha koʻrinishi oʻylab topildi. U bir necha bor oʻz ixtirosi qanday ishlayotganini bilish uchun kemada suzishga ham chiqqan.

Edison telbanamoligi bilan ham tanildi. Uzoq umr koʻrgani uchun u haqida juda koʻp latifalar ham oʻylab topildi. Biroq bu “telba” insonlar uchun aql bovar qilmas foydali ishlar qildi va butun dunyo olimlarining eʼtirofiga sazovor boʻldi. Edison koʻpgina davlatlardagi ilmiy akademiyalar aʼzosi edi, shu jumladan, Rossiyaning ham.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz email manzili yoki Telegram profilimizga xabar bering.

Maqola Khan Academy Oʻzbek jamoasi tomonidan tayyorlandi. Ushbu maqolani doʻstlaringiz bilan ulashing va bizni onlayn kuzating:
Telegram | Instagram | Facebook | Youtube | Medium | Vebsayt

--

--

Khan Academy Oʻzbek Blog

Bepul taʼlim – barcha uchun har yerda va hamisha. Foydali maqolalar bilan boʻlishamiz. xanakademiyasi.uz loyihasining rasmiy blog sahifasi.